Toshkent shahri nuroniylar uchun qanchalik qulay?

    Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasi el-yurt rivojiga katta xizmati singgan nuroniylarni ijtimoiy himoya qilish, ularga qulay sharoit yaratish, davlat va jamiyat oldidagi muhim vazifa, deb hisoblaydi.

    Shuning uchun partiya deputatlik korpusi orqali bu borada belgilangan dastur va vazifalar ijrosi boʻyicha manzilli oʻrganishlar oʻtkazib, mutasaddilar va ekspertlar ishtirokida doimiy muhokamalar tashkil qilmoqda.

    Toshkent shahridagi oʻrganishlarning dastlabki natijalari boʻyicha jamoatchilik eshituvi oʻtkazildi. Maʼlum boʻlishicha, Toshkent shahrida nuroniylar uchun yaratilgan sharoitlar hamma tumanlarda ham bir xil va barqaror emas. Ayrim joylarda imkoniyatlar namunaviy darajada boʻlsa, baʼzi hududlarda esa nuroniy otaxon-onaxonlar uchun hatto minimal sharoit ham yaratilmagan.

    Xususan, Bektemir tumani “Rohat” mahallasidagi “Nurli maskan” majmuasi namunaviy tarzda tashkil etilgani, zamonaviy sport maydonchasi, yugurish yoʻlaklari, kitob oʻqish va suhbat qurish uchun qulay imkoniyatlar mavjudligi eʼtirof etildi.

    Lekin Olmazor tumanidagi “Miskin” va “Shodiyona” mahallalarida achinarli holatlarga duch kelingan. Mahallalarda dam olish joyi bor, ammo gaz taʼminotidan uzilganligi sababli xonalar sovuq, maskandan maʼlum vaqt davomida mahalla idorasi sifatida ham foydalanib kelingan.

    Xalq demokratik partiyasi deputatlari qayd etishicha, nuroniylar maskanlarida asosan xonalarning taʼmirtalabligi, kirib-chiqish yoʻlaklarining keksalar foydalanishi uchun noqulayligi, isitish va sanitariya holati talab darajasida emasligi muammolar tizimli tus olgan.

    Masʼullar, ekspertlar hamda jamoatchilik vakillari oʻzlarining fikr-mulohazalarini, taklif-tashabbuslarini bildirishdi.

    Poytaxtimizning barcha mahallalarida Nuroniylar maskanlari uchun yagona minimal standartlar qabul qilish, mavjud maskanlarni faqat taʼmirlash bilan cheklanmasdan, ularni ijtimoiy faollik maskaniga aylantirish, qiziqishlar boʻyicha toʻgaraklar, salomatlikka oid treninglar, madaniy va maʼrifiy uchrashuvlarni yoʻlga qoʻyish, umuman, Toshkent shahrini piru badavlat nuroniylar uchun qulay makonga aylantirish haqida takliflar ilgari surildi.

    Dastlabki oʻrganishlar va jamoatchilik eshituvidagi ilk muhokamalardan keyin xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashidagi Xalq demokratik partiyasi guruhi majlisida tahliliy koʻrib chiqish kerakligi qayd etildi. Nuroniy otaxon-onaxonlarni ijtimoiy himoya qilish va qoʻllab-quvvatlash doimiy eʼtibordagi vazifa boʻlishi zarur.