Ushbu loyihani Birlashgan millatlar tashkiloti Taraqqiyot Dasturi va Global ekologiya jamgʻarmasining “Atmosferaga zararli moddalarni kam chiqaruvchi avtotransport vositalariga investitsiyalar jalb qilishni jadallashtirish” dasturi doirasida amalga oshirish rejalashtirilgan.
Bugun poytaxtimizda Loyihani baholash Qoʻmitasining manfaatdor vazirlik va idoralar masʼul xodimlari ishtirokida yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Yigʻilishida mazkur loyiha boʻyicha amaliy ishlarni boshlash toʻgʻrisida qaror qabul qilindi.
Ushbu loyiha Toshkent shahri misolida shahar jamoat transportida elektrotransportdan jadal ravishda foydalanishni joriy etish yoʻli bilan atrof - muhit sifatini yaxshilashga yoʻnaltirilgan boʻlib, ushbu tajriba Oʻzbekiston Respublikasining boshqa shaharlarida ham joriy etilishi mumkin.
Loyiha doirasida Toshkent shahri jamoat transporti uchun elektrobuslarni xarid qilish hamda pilot loyiha tariqasida shaharda yashil transport yoʻlagini joriy etish koʻzda tutilgan. Olti yil muddatga moʻljallangan loyihaga donorlar BMT Taraqqiyot dasturi va Global ekologiya jamgʻarmasi tomonidan 3,9 mln.doll. mablagʻ ajratilishi koʻzda tutilgan.
Loyihaning joriy etilishi bilan atmosfera havosiga chiqarilayotgan zararli moddalar miqdorining sezilarli darajada kamaytirilishiga erishiladi.
Loyiha Birlashgan millatlar tashkiloti Taraqqiyot dasturining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi, Toshkent shahar hokimligi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi, Toshshahartransxizmat” AJ hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda amalga oshiriladi.