Toshkent shahri va viloyatida fuqarolarning oʻqishini koʻchirib bermoqchi boʻlgan firibgarlar ushlandi

    Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Toshkent shahar boshqarmasi tomonidan DXX xodimlari bilan hamkorlikda tezkor tadbir oʻtkazildi.

    Tadbirda fuqaro F.P. boshqa bir fuqaro G.M.dan tanishi S.M.ni Qirgʻiziston Respublikasidan Toshkent tibbiyot akademiyasiga oʻqishini koʻchirib berish evaziga 8 000 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

    Departamentning Yunusobod tumani boʻlimi va DXX xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda, fuqaro Sh.S. boshqa bir fuqaro A.ga tanishlari orqali Qirgʻiziston Xalqaro universitetining 3-kursini tugatganligi haqida soxta hujjatlar tayyorlab, Oʻzbekiston Oliy taʼlim muassasalaridan biriga koʻchirtirib berishni 7 000 AQSH dollariga kelishib, shundan 3 500 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

    Shu kabi, Parkent tumani boʻlimi tomonidan IIB xodimlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda, fuqaro Ye.I. fuqaro B.ning oʻqishini Qozogʻiston Respublikasidan Oʻzbekiston Respublikasidagi universitetga koʻchirib berish evaziga 1 000 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

    Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.