Toshkent shahrida 50 sotix yerni 4 mln AQSH dollariga sotmoqchi boʻlgan firibgarlar ushlandi

    Tergov harakatlari doirasida ularning jinoiy sheriklari shaxsiga aniqlik kiritish boʻyicha chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

    Toshkent shahrida 50 sotix yerni 4 mln AQSH dollariga sotmoqchi boʻlgan firibgarlar ushlandi.

    Maʼlum qilinishicha, Toshkent shahrida qurilish obyektlarini loyihalash bilan shugʻullanuvchi MCHJning ofis menejeri hamda maklerlik faoliyati bilan shugʻullanuvchi fuqaro oʻzaro til biriktirib, aldov yoʻli bilan tadbirkorning ishonchiga kirgan.

    Xususan, ular oʻzlariga tegishli boʻlmagan M.Ulugʻbek tumanidagi 50 sotix yer maydonini tadbirkorga 4 mln AQSH dollariga sotishga kelishib, oldindan avans sifatida 100 ming AQSH dollari olgan.

    Shuningdek, yuqori lavozimlarda ishlovchi tanishlari orqali ushbu obyektni noturar toifadan turar toifaga oʻtkazib berish hamda u yerda kottej tipidagi uy qurishi uchun ruxsatnoma olish, arxitektura va loyiha hujjatlarini rasmiylashtirish va boshqa tegishli ishlarni bajarib berish evaziga 200 ming AQSH dollari soʻrab, oldindan 100 ming AQSH dollari talab qilgan.

    Davlat xavfsizlik xizmati va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda ikki fuqaro 200 ming AQSH dollarini olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

    Holat yuzasidan ularga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi va 28,211-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanildi.

    Tergov harakatlari doirasida ularning jinoiy sheriklari shaxsiga aniqlik kiritish boʻyicha chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.