Toshkent shahrida 60 dona “Remdesivir” dorisini 60 mln soʻmga sotayotgan shaxslar qoʻlga olindi

    Xavfsizlik 20 Oktabr 2020 606

    Toshkent shahrining Mirobod tumanida koronavirusni davolashda ishlatilayotgan “Remdesivir” dorisini 1 mln 350 ming soʻmdan sotayotgan 4 nafar erkak tezkor tadbir davomida qoʻlga olingan.

    Qayd etilishicha, 17-oktyabr kuni shaxsi ochiqlanmagan fuqaro Transportda xavfsizlikni taʼminlash bosh boshqarmasiga ariza bilan murojaat qilib, “X” ismli shaxs “COVID-19” virusiga qarshi qoʻllanilayotgan “Remdesivir” dorisini 1 mln 350 ming soʻmdan sotayotganini bildirgan va mazkur holat yuzasidan qonuniy chora koʻrishni soʻragan.

    17-oktyabr kuni kuni soat 19:30larda Transportda xavfsizlikni taʼminlash bosh boshqarmasi Jinoyat qidiruv boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida Toshkent shahrida yashovchi 34, 33 va 24 yoshdagi 4 nafar erkak “shartli sotib oluvchi” boʻlib ishtirok etayotgan fuqaroga 60 dona “Remdesivir for Injection 100mg” (VDREM-100) nomli dorini 60 mln soʻmga sotayotgan vaqtda ushlangan. Dorilar hamda 60 mln soʻm pul ashyoviy dalil sifatida olib qoʻyilgan. Hozir mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

    «Bu kabi tadbirlar Oʻzbekiston Bosh vazirining barcha huquqni muhofaza qiluvchi organlarga bergan topshirigʻi ijrosini taʼminlash maqsadida oʻtkazilmoqda. Dorilarning noqonuniy sotilishi ularning narxini keskin koʻtarilishiga sabab boʻlyapti. “Remdesivir” dorisining haqiqiy narxi 500 ming atrofida, ushbu dori faqat dorixonalarda sotilishi kerak.

    Biroq afsuski bugungi kunda ushbu doriga talab yuqori boʻlgani bois ayrim shaxslar vaziyatdan foydalanib, uni qimmatroqqa sotishga urinmoqda, bu esa amaldagi qonunlarga zid», deydi Transportda xavfsizlikni taʼminlash bosh boshqarmasi katta inspektori leytenant Pokiza Xoʻjayeva.

    Toshkent shahrida 60 dona “Remdesivir” dorisini 60 mln soʻmga sotayotgan shaxslar qoʻlga olindi