Toshkent shahrida hokim yordamchisi 30 ming AQSH dollari olgan vaqtida ushlandi

    Uchtepa tumanidagi mahalla fuqarolar yigʻinlaridan birining “Tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha” hokim yordamchisi qoʻlga olindi.

    U tadbirkorlik bilan shugʻullanmoqchi boʻlgan fuqaroga tuman hududida 4 ta savdo doʻkoni qurishi uchun yuqori lavozimlarda ishlovchi tanishlari orqali jami 210 m/kv yer maydonini auksion savdolari orqali yutib, uning nomiga rasmiylashtirib berishga vaʼda beradi. Buning evaziga 30 ming AQSH dollari talab qiladi.

    Hokim yordamchisi kelishilgan pulni olayotgan vaqtida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

    Taʼkidlash lozimki, hokim yordamchisi muqaddam Jinoyat Kodeksining 167, 168, 205 va boshqa moddalari bilan 3 marotaba sudlangan shaxs hisoblanadi.

    Hozirda unga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi va 28,211-moddasining 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanildi.