Toshkent shahrida “Innoprom” Xalqaro investitsiya va sanoat koʻrgazmasini oʻtkazishga kelishib olindi

    Xalqaro hamkorlik 14 Oktabr 2020 1270

    Buxoroda iqtisodiy hamkorlik boʻyicha Oʻzbekiston-Rossiya Hukumatlararo komissiyasining 21chi yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

    Buxoro shahrida iqtisodiy hamkorlik boʻyicha Oʻzbekiston-Rossiya Hukumatlararo komissiyasining (HK) yigirma birinchi yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

    Yigʻilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov va Rossiya Federatsiyasi iqtisodiy rivojlanish vaziri M.Reshetnikov hamraisligi ostida boʻlib oʻtdi.

    Tadbir davomida savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar, ilmiy-texnikaviy sohalarda ikki tomonlama hamkorlikning hozirgi holati, shuningdek, sheriklikni rivojlantirish uchun yangi istiqbolli yoʻnalishlar muhokama qilindi.

    Kun tartibidagi asosiy masalalar boʻyicha konstruktiv muloqot va fikr almashish davomida sanoat, qishloq xoʻjaligi, transport, energetika, sogʻliqni saqlash sohalarida hamda bank-moliya sektorida va taʼlim sohasida koʻp qirrali hamkorlikni kengaytirishga har ikkala tomonning qatʼiy sodiqligi bildirildi.

    Oʻzbekiston va Rossiya oʻrtasidagi savdo aylanmasining sezilarli oʻsishi taʼkidlandi, soʻnggi 3 yil ichida uning hajmi 58%ga oshgan. Shu bilan birga, ushbu sohada foydalanilmagan ulkan salohiyat mavjudligi taʼkidlandi va shu munosabat bilan yaqin kelajakda oʻzaro tovar aylanmasining 10 milliard dollarlik hajmiga erishish maqsadida ikki mamlakat oʻrtasidagi savdo aloqalarini chuqurlashtirish boʻyicha birgalikda amalga oshiriladigan tadbirlar muhokama qilindi. Shu nuqtayi nazardan, savdo sohasida mavjud toʻsiqlarni olib tashlash hamda Oʻzbekiston va Rossiya kompaniyalari tomonidan tashqi savdo operatsiyalarini amalga oshirish uchun sharoitlarni optimallashtirish boʻyicha aniq takliflar ham bildirildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.

    Investitsiya sohasidagi muvaffaqiyatli hamkorlikni kengaytirish istiqbollari ham muhokama qilindi — hozirgi vaqtda neft-kimyo, togʻ-metallurgiya, energetika, sogʻliqni saqlash va farmatsevtika, qurilish materiallari ishlab chiqarish, toʻqimachilik sanoati va meva-sabzavot mahsulotlarni qayta ishlash sohalarida umumiy qiymati 16 milliard dollardan ziyod boʻlgan yirik investitsiyaviy loyihalar amalga oshirilayotgani taʼkidlandi.

    Shu bilan birga, tomonlar eng istiqbolli sohalarda sanoat kooperatsiyasining yangi loyihalarini ishlab chiqish va amalga oshirish orqali investitsiyaviy hamkorlikni yana-da kengaytirish va diversifikatsiya qilish uchun bir qator shart-sharoitlar mavjudligini taʼkidladilar va ushbu yoʻnalishda yaqin hamkorlikda ish olib borishga kelishib oldilar.

    Shu nuqtayi nazardan, joriy yilning avgust oyida Rossiya Federatsiyasi Sanoat va savdo vazirligi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi oʻrtasida ochilgan Loyiha ofisining amaliy ahamiyati qayd etildi.

    Tomonlar sanoat kooperatsiyasi sohasida umumiy qiymati 5,8 milliard dollarga teng boʻlgan 104 ta yangi investitsiyaviy loyihani amalga oshirish bilan bogʻliq masalalarni muhokama qildilar va har bir loyiha kelishilgan muddatlarda sifatli va oʻz vaqtida bajarilishining birgalikda samarali monitoringini olib borishga kelishib oldilar.

    2021-yil mart oyining oxirida Toshkent shahrida Rossiya va Oʻzbekiston ishlab chiqaruvchilari va tadbirkorlariga toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalarni oʻrnatish va sanoat kooperatsiyasi sohasida yangi istiqbolli loyihaviy takliflarni birgalikda ishlab chiqish imkonini beradigan “Innoprom” xalqaro investitsiya va sanoat koʻrgazmasini oʻtkazishga kelishib olindi.

    Hududlararo hamkorlikni faollashtirish masalalariga alohida toʻxtalib oʻtildi. Bunda hududlar maʼmuriyatlari va biznes missiyalari rahbarlarining ikkala mamlakat viloyatlari oʻrtasida barcha yoʻnalishlar boʻyicha sheriklikning yangi oʻsish nuqtalarini shakllantirish uchun Oʻzbekiston va Rossiya hududlariga muntazam ravishda oʻzaro tashriflari tashkil etiladi.

    Madaniy-gumanitar sohasidagi oʻzaro hamkorlik ikki tomonlama sheriklikning muhim tarkibiy qismlaridan biri ekanligi tilga olindi — qator qoʻshma tadbirlar, xususan, ikki mamlakatning yetakchi OTMlari va ilmiy-oʻquv markazlari rektorlari ishtirokida “Oʻzbekiston-Rossiya” Ikkinchi Taʼlim Forumini oʻtkazishning amaliy jihatlari muhokama qilindi.

    Mehnat migratsiyasi sohasini tizimlashtirish boʻyicha hamkorlik masalalari alohida tartibda koʻrib chiqildi. Tomonlar ushbu yoʻnalishda birgalikda olib borilgan ishlarda erishilgan sezilarli yutuqlarni qayd etdilar va Rossiya Federatsiyasida yashayotgan va mehnat faoliyatini yuritayotgan Oʻzbekiston fuqarolarini ish bilan taʼminlash, ularni ijtimoiy, moliyaviy va huquqiy muhofaza qilish masalalarida yordam koʻrsatish mexanizmlarini kuchaytirish boʻyicha keyingi harakatlarni muhokama qildilar. Shuningdek, ikkala tomon ham Oʻzbekiston Respublikasi hududida Rossiya Federatsiyasining koʻp funksiyali migratsiya markazini (KFMM) tashkil qilish boʻyicha loyihani amalga oshirishni jadallashtirish uchun saʼy-harakatlarni birlashtirishga tayyor ekanligi taʼkidlandi.