Bayonnoma Innovatsion rivojlanish vaziri oʻrinbosari Oybek Norinboyev va Turkiya Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining Inson resurslarini boshqarish ofisi Prezidenti, prof. Salim Atay tomonidan imzolandi. Tadbirda, shuningdek, “Istanbul” texnoparki Direktorlar kengashi raisi - prof. Metin Yerebakan ham ishtirok etdi.
Ushbu Bayonnoma Turkiya Respublikasi Prezidenti administratsiyasining Inson resurslarini boshqarish ofisi bilan imzolanib, Toshkent shahrida “Istambul” texnoparkining “TALENT HUB” inkubatsiya markazini tashkil etishni, yangi texnologiyalar sohasida hamkorlikni kengaytirish, ilmiy texnoparklar va inkubatorlar tashkil etish, ularni rivojlantirish va boshqarishni nazarda tutadi.
Bayonnomaning imzolash marosimi davomida Toshkent shahrida “Istambul” texnoparkining “TALENT HUB” inkubatsiya markazini va keyingi bosqichda “Istambul” texnoparkining filialini ochish masalalari muhokama qilinib, amalga oshiriladigan ishlar rejalashtirib olindi.
— Bugungi kunda Turkiya Respublikasi Oʻzbekiston uchun asosiy strategik sherik hisoblanadi, — dedi O. Norinboyev. — Biz koʻp asrlardan buyon rivojlanib kelgan Turkiya-Oʻzbekiston munosabatlariga katta hurmat va iliqlik bilan qaraymiz hamda Turkiya Respublikasiga birodar xalq sifatida munosabatdamiz.
Ushbu Loyiha sogʻliqni saqlash, vaksinatsiya, qishloq xoʻjaligi, oziq-ovqat, qurilish, aloqa va kommunikatsiya sohalarida, mudofaa sohasida samolyotlarni yaratish, yangi texnologiyalar, turli sohalardagi tadqiqotlar va boshqalarda keng texnologik yoʻnalishlarni birlashtiradi.
Bugungi kunda vazirlik “Istanbul” texnoparkining “TALENT HUB” inkubatsiya markazini Innovatsion rivojlanish vazirligining yangi binosiga joylashtirish masalasi hal qilingan. Tegishli jihozlar va infratuzilma bilan taʼminlangan tegishli xonalar ajratilgan.
Toshkent shahrida Oʻzbek-Turk texnoparkini yaratish loyihasini amalga oshirishni jadallashtirish maqsadida hozirgi kunda Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan yer uchastkasi ajratish masalasi ustida ish olib borilmoqda.
Hamkorlik munosabatlarini rivojlantirish qoʻshma dasturlarini tashkil etish, tajriba almashish va malaka oshirish uchun mustahkam platforma yaratishga imkon beradi.