Toshkent shahrida koʻp qavatli uylar holati raqamli inventarizatsiya qilinmoqda

    Urbanizatsiya 9 May 2022 1101

    Toshkent shahar hokimligida koʻp qavatli turar joylarning holatini inventarizatsiya qilish va baholash uchun axborot tizimi yaratilib, ishga tushirildi.

    12 nafar kommunal inspektor koʻp qavatli uylarni aylanib chiqib, tomlar, yertoʻlalar, fasadlarni suratga oladi va koʻplab mezonlar boʻyicha maxsus tuzilgan savolnomani toʻldiradi, har bir holatni besh balli tizimda baholaydi, deb xabar beradi hokimlik axborot xizmati.

    Fotosuratlarni joʻnatish va savolnomani toʻldirishdan oldin inspektor “Garmoniya” manzillar reyestrida binoni tanlaydi, GPS tizimi inspektorning koordinatalarini aniqlaydi va ularni tekshirilayotgan uyning koordinatalari bilan taqqoslaydi.

    Agar koordinatalar mos kelsa va fotosuratning aslligi tekshirilib, toʻgʻri kelsa, inspektorning kiritgan maʼlumotlari tasdiqlanadi. Bundan ayon boʻladiki, ofisda oʻtirib, joyga bormasdan va binoni koʻzdan kechirmasdan, bu haqda maʼlumot yuborish mumkin emas.

    Inspektor, boshqa narsalar qatori, uyning fasadi, yoʻlaklari, raqami, yoritish tizimi, noqonuniy qurilmalar mavjudligi va binoning boshqa parametrlarini hisobga oladi. Administrator inspektorning barcha maʼlumotlarini tekshiradi va ularni tasdiqlaydi yoki baʼzi maʼlumotlarga aniqlik kiritishni soʻraydi.

    Taxminan uch oy ichida barcha koʻp qavatli uylarni oʻrganishni yakunlash, maʼlumotlarni umumlashtirish, ularni Toshkent shahri xaritasiga kiritish va aniqlangan kamchiliklarni dolzarbligiga koʻra kuchlarni jamlagan holda bartaraf etish boʻyicha optimal reja ishlab chiqish rejalashtirilgan.

    Bu uy-joy kommunal majmuasi xizmatini Raqamli Toshkent loyihasi bilan integratsiyalashning amaliy namunasidir.