Projects.toshkentinvest.uz sayti E-auksion tizimi bilan integratsiyalashgan auksion tamoyilidagi platforma hisoblanadi. Obyektlarni sotish yoki ijaraga berishdan olingan barcha mablagʻlar Mahalla va tuman rivojlantirish jamgʻarmasiga yoʻnaltiriladi.
Poytaxt aholisi Olmazor tumanidagi “Yangi sebzor” mahallasida joylashgan bolalar maydonchasi taqdiri haqida tashvishlanib, oʻz munosabatini bildirdi.
Qayd etilishicha, bunday obyektlarni sotib olish tadbirkorga masʼuliyat yuklaydi va natijada aholi farovonligiga xizmat qiladi: yangi ish oʻrinlari yaratiladi, infratuzilma yaxshilanadi, ijtimoiy-iqtisodiy samara beradi.
“Yangi Sebzor” mahallasi “Obod mahalla” dasturi doirasida yangilanmoqda.Mahallaning yangi bosh rejasi bevosita aholining istaklari va ular bilan kelishilgan holda ishlab chiqilgan. Jumladan, bolalar maydonchasi joylashuvini oʻzgartirish, yaʼni uni transport qatnovi qismdan ichkariroqqa koʻchirish ham aholi istagi edi. Shuningdek, loyiha hududdagi daraxtlarning kesilishini istisno qiladi.
Rasmdan koʻrinib turibdiki, maydonchaga eskirgan qurilmalar oʻrnatilgan, ularning ayrimlari buzilgan, shuningdek, u toʻgʻridan-toʻgʻri yoʻl yoqasida joylashgan boʻlib, bu aholi hayoti va sogʻligʻiga xavf tugʻdiradi.
Shu sababli, “Obod mahalla” dasturi doirasida uni xavfsizroq joyga koʻchirish, qoplamasini yangilash va yangi argʻimchoqlar hamda jihozlar bilan toʻldirish rejalashtirildi. Bu avvalgi nashrlarimizda xabar qilganimizdek, poytaxtning oltmishta boshqa mahallasida qilingan va qilinayotgan ishlarning davomidir.
Mahallalarda bolalar maydonchalaridan tashqari, yoritish tizimi yangilanmoqda, sugʻorish tizimi oʻrnatilmoqda, qoʻshimcha daraxt va butalar ekilmoqda, yangi oʻrindiqlar, ayvonchalar, chiqibdi qutilari va boshqalar oʻrnatilmoqda», – deyiladi xabarda.