Toshkent shahrida pullik velosiped qatnovi yoʻlga qoʻyiladi

    Transport 11 Iyun 2021 1300

    Bu haqda Milliy matbuot markazida “Toshshahartransxizmat” AJ tomonidan oʻtkazilgan matbuot anjumanida maʼlum qilindi.

    Matbuot anjumanida shu yil yakuniga qadar shahar yoʻlovchi transportida tasarruf etish uchun 20 ta elektrobus xarid qilish maʼlum qilindi. Hozirgi kunda ularni xarid qilish boʻyicha tender tanlovlari hujjatlari ishlab chiqilib, tegishli davlat idoralari bilan kelishilmoqda.

    “Toshshahartransxizmat” AJ tarkibidagi avtobus saroylari harakat tarkibini 2021-2023-yillarda yangilash boʻyicha reja-dastur ishlab chiqilmoqda.

    “Toshshahartransxizmat” AJ loyihalar, tashqi aloqa va investitsiyalarni boshqarish boʻlimi boshligʻi Shahboz Gʻafurovning taʼkidlashicha, loyihaning birinchi bosqichida Toshkent shahrining Amir Temur va Ahmad Donish koʻchalarida pilot loyiha sifatida velosipeddan umumfoydalanish “bike sharing” tizimi, 4 ta velosiped stansiyasi barpo etiladi. 4 ta velosiped stansiyasida jami 40 ta velosiped qatnovi yoʻlga qoʻyiladi.

    Aynan shu koʻchalarning tanlab olinishga sabab shuki, bu yoʻllarda velosiped qatnovi uchun maxsus yoʻlakchalar ajratilgan. Har bir stansiyada 10 tadan velosiped joylashishi koʻzda tutilgan. Mazkur tizimdan mobil ilova orqali foydalanish koʻzda tutilgan. Bir kishining velosipeddan 30 daqiqa foydalanishi uchun bir yarim ming soʻm narx belgilanishi taklif etilmoqda.

    Loyihada velosipedlar qatnovi Toshkent shahri markaziy koʻchalarida 18 yoʻnalishda 660 kilometrni qamrab olishi koʻzda tutilgan. Velosipedlar universal jipslar bilan jihozlangan. Ulardan ham erkaklar, ham ayollar foydalanishi mumkin. Ayollarimizga moʻljallangan velosipedlarda roʻzgʻor xizmatlari uchun maxsus savatchalar oʻrnatilgan. Velosiped qayerda foydalanilayotganini kuzatib borish imkoniyati mavjud.

    Ayni paytda jamoat transportida raqamlashtirishni keng joriy etish maqsadida bir qator yangi loyihalar ustida ish olib borilmoqda. Bundan asosiy maqsad — yoʻlovchilarga sifatli xizmat koʻrsatish va ular xavfsizligini taʼminlashdan iborat.

    Bundan tashqari, “Toshkent transporti” mobil ilovasi yoʻlga qoʻyiladi. Yoʻlovchilar uning vositasida shahar jamoat transporti harakat tarkibini real vaqtda kuzatib borish, jamoat bekatlari va transport stansiyalari toʻgʻrisida maʼlumot olish, foydalanuvchiga eng tezkor va foydali yoʻnalishni taklif qilish, lokatsiya yoʻnalishlari hamda harakat tarixini saqlash imkoniyati, real vaqtda QR-kodni generatsiya qilgan holda tezkorlik bilan yoʻl haqi toʻlovini amalga oshirish, “Alomat” xizmati vositasida foydalanuvchilarga ovoz (tovush) yozuvi orqali qidiruv xizmati hamda intellektual maslahatlar berish kabi bir qator qulayliklarga ega boʻlishi haqida maʼlumot berildi.