Mamlakatimizda chang boʻronlariga qarshi kurashish va ularning salbiy oqibatlarini yumshatish doirasida bir qator ishlar amalga oshirilishi koʻzda tutilmoqda.

Bu boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 21-fevralda qabul qilingan “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qoʻllab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisida»gi farmonida bir qator normalar belgilandi.

Qayd etilishicha, 2024-yil 1-martdan boshlab hududlarda chang boʻroni sodir boʻlayotganda va atmosfera havosida mayda dispers zarrachalari belgilangan normadan yuqori boʻlgani aniqlanganda aholini ogohlantirish, yurak-qon tomir va nafas yoʻllari kasalliklariga chalingan hamda sogʻligʻi havoning ifloslanishiga taʼsirchanligi yuqori boʻlgan boshqa fuqarolarni zarur profilaktik choralar toʻgʻrisida doimiy xabardor qilish amaliyoti yoʻlga qoʻyiladi.

Shuningdek, oʻlchami 500 metr kvadrat va undan ortiq boʻlgan qurilish maydonlarida, unga kirib-chiqish yoʻllarida chang va qum zarrachalarining havoga koʻtarilishini bartaraf etish boʻyicha majburiy talablar joriy etiladi.

Toshkent shahrida yuk tashish uchun moʻljallangan, ruxsat etilgan toʻla vazni 10 tonnadan yuqori boʻlgan N2, N3, O4 toifaga kiruvchi avtotransport vositalarining harakati tigʻiz vaqt oraliqlarida taqiqlanishi koʻzda tutilgan. Bunda, ushbu cheklovlar maxsus xizmat, shu jumladan, kommunal xoʻjaligi, obodonlashtirish va Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining yuk transporti vositalariga tatbiq etilmasligi belgilandi.

Farmonda 2030-yilga qadar Toshkent va Nukus shaharlari, viloyatlar markazlarida “YEVRO – 5” va undan yuqori standartlariga muvofiq boʻlmagan avtomashinalar ekspluatatsiyasi bosqichma-bosqich cheklanishi aytib oʻtilgan.