Kuni kecha Sogʻliqni saqlash vaziri va bosh pudratchi sifatida tanlangan Koreyaning “Keryong” konsorsiumi rahbari oʻrtasida shartnoma imzolandi hamda qurilish ishlariga rasman start berildi.
Loyihaning umumiy qiymati 149,8 million AQSH dollarini tashkil etadi. Shundan 124 million dollar — Koreya Eksimbanki orqali EDCF kredit mablagʻlari, 25,8 million dollar — Oʻzbekistonning ulushi hisoblanadi.
Qurilish natijasida jahon standartlariga mos keladigan, IV darajali, quvvati 300 oʻrinli tibbiyot markazi barpo etiladi. Bu yerda 700 nafardan ortiq tibbiyot xodimi uchun yangi ish oʻrinlari yaratiladi.
Loyiha doirasida 130 nafar oʻzbekistonlik tibbiyot xodimi Koreya Respublikasida malaka oshiradi, shuningdek, 32 nafar koreyalik yuqori malakali mutaxassislar yurtimizga kelib faoliyat olib boradi.
Shifoxonada yiliga 8,5 mingta yuqori texnologik operatsiya — yurak-qon tomir tizimi, transplantologiya, neyroxirurgiya, reabilitatsiya, orqa miya va boʻgʻim jarrohligi boʻyicha amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Taʼkidlash joizki, bundan avval, 2020-yilda ham Koreya Respublikasining EDCF fondi ishtirokida Markaziy Osiyo miqyosida yagona boʻlgan Bolalar milliy tibbiyot markazi foydalanishga topshirilgan edi.








