Toshkent shahridagi Prezident maktabi o'quvchilari “Dasturlash soati” mahorat darsida ishtirok etdi

    Toshkent shahridagi Prezident maktabi o'quvchilari “Dasturlash soati” mahorat darsida ishtirok etdi va dasturlash bo'yicha bilimlarga ega bo'ldi.

    Mahorat darsi O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi (PIIMA) tomonidan tashkil etildi.
    — Axborot texnologiyalari hayotimizning uzviy qismiga aylandi va bugun mehnat bozorida raqobatbardosh bo'lish uchun bu yo'nalishda bilimlarga ega bo'lish kerak. Biz tizimimizdagi maktab o'quvchilari uchun bu kabi mahorat darslarini tashkil qilishni rejalashtirganmiz. Bu orqali biz bolalarga dasturlashni o'rganish qiziq bo'lishini ko'rsatmoqchimiz. Yaqin vaqt ichida PIIMA tizimidagi maktablar o'quvchilari yana boshqa mahorat darslari va treninglarida ishtirok etish imkoniyatiga ega bo'ladilar, — dedi PIIMA direktori o'rinbosari Amirulla Abdullaev.

    Mahorat darsini o'tkazish uchun Muhammad al-Xorazmiy nomidagi axborot-kommunikasiya texnologiyalari yo'nalishiga oid fanlarni chuqurlashtirib o'qitishga ixtisoslashtirilgan maktabning o'qituvchilari trener sifatida jalb etildi.

    Trenerlar mahorat darsida mashhur “Minecraft” o'yiniga asoslangan “Heroʻs Journey” (“Qahramon yoʻli”)ni dasturlashni o'rgatishga qaratilgan darslardan foydalanishdi. Mazkur darslar “Microsoft” korporasiyasi tomonidan yaratilgan.

    “Microsoft” korporasiyasi muhandislari bolajonlarga informatika asoslarini oson va tushunarli tilda o'rganishlari uchun mazkur dasturni tayyorladi. Undan dars vaqtida, sinf soatlarida va uy vazifalarini bajarishlarida foydalanishlari mumkin.

    Mualliflar ijodiy yondashgan holda Agentlar, ya'ni qiziqarli qahramonlar yordamida o'quvchilarga dasturlashning asosiy tushunchalari va prinsiplarini taqdim etadilar.

    Menga mahorat darsi juda yoqdi. U qiziqarli o'tdi va biz “Minecraft” yordamida turli o'yinlar yaratdik. Men dasturlash bo'yicha boshlang'ich bilimlarga ega bo'ldim. Umid qilamanki, bunday tadbirlarni tashkil etish bo'yicha ishlar davom etadi va biz yangi bilimlar va ko'nikmalarga ega bo'lamiz, dedi Toshkent shahridagi Prezident maktabi o'quvchisi Farangiz Abduqahhorova.