Toshkent shahrining 11 ta tumanida maxsus poliklinikalar tashkil etildi

    Salomatlik 13 Iyul 2021 1250

    Koronavirus infeksiyasiga gumon qilingan shaxslar hamda ushbu infeksiya tasdiqlangan bemorlarga birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini koʻrsatish, zarur laborator hamda instrumental tekshiruvlar oʻtkazish, tekshiruv natijalaridan kelib chiqqan holda ularga davo muolajalarini tavsiya qilish va ambulator davolashni yoʻlga qoʻyish maqsadida poytaxtimizning 11 ta tumanida 1 tadan maxsus poliklinikalar tashkil etildi.

    Tibbiy-sanitariya muassasalari va xizmat koʻrsatish yoʻnalishi yaqin boʻlgan dispanserlar binosida faoliyat boshlagan mazkur poliklinikalar aholiga kunu tun xizmat koʻrsatishi belgilangan boʻlib, har bir markazga 3 tadan tibbiy brigada biriktirilgan va ular tarkibidan 2 nafar shifokor hamda 2 nafar oʻrta tibbiyot xodimi oʻrin olgan.

    Shuningdek, bemorlarga shoshilinch tibbiy yordam koʻrsatish maqsadida ushbu poliklinikalar rentgen, kislorod kondensatorlari, pulsoksimetr, zarur dori-darmonlar, sarflov materiallari, dezinfeksiyalovchi eritma va reaktivlar, shuningdek, maxsus tibbiyot vositalari bilan taʼminlangan.

    Taʼkidlash lozimki, ayni paytda poytaxtdagi barcha oilaviy poliklinikalar ushbu poliklinikalar bilan integratsiya asosida faoliyat yuritayotgan boʻlib, u yerga koronavirus infeksiyasiga gumondor hamda infeksiya tasdiqlangan shaxslar oilaviy poliklinikalar yoʻllanmasi va “103” xizmati orqali yoki oʻzlari mustaqil ravishda ham murojaat qilishlari mumkin.

    Agar tez tibbiy yordam xizmatiga murojaat qilgan fuqaroning shikoyatlariga koʻra, unda koronavirus kasalligi gumon qilinsa, bemorga oʻzi yashaydigan tumandagi maxsus poliklinikaga borish tavsiya etiladi. Biroq uning holat va imkoniyati bunga monelik qilsa, bemorning uy manzili yozib olinadi va u haqidagi maʼlumot maxsus poliklinikaga taqdim etiladi. Soʻng, bemor maxsus poliklinika uchun ajratilgan avtotransport vositasi yordamida u yerga olib kelinadi va belgilangan standartlar boʻyicha tibbiy-sanitariya yordami koʻrsatiladi.

    Maxsus poliklinikaga murojaat qilgan bemorlar uchun maxsus karta yuritilib, unda fuqaroning dinamik holati, tekshiruv va davolash natijalari qayd etib boriladi.

    Murojaat qilganlar orasida “COVID-19” infeksiyasi tasdiqlanmagan bemorlar boʻlsa, ulardan kerakli tahlillar olinadi va tezkor ravishda hududiy sanitariya xizmati laboratoriyalariga yetkaziladi. Shu bilan birga, bemorlar ogʻirlik darajasiga koʻra saralanib, ahvoli yengil fuqarolarga uyda davolanishlari uchun zarur tavsiyalar beriladi. Biroq agar bemorning ahvoli ogʻir boʻlsa, u zudlik bilan maxsus shifoxonaga yuboriladi va bu haqida fuqaro istiqomat qiladigan hududdagi oilaviy poliklinikaga xabar qilinadi.

    Maʼlumot oʻrnida aytish lozimki, bugungi kunda poytaxtimiz aholisiga yana-da qulaylik yaratish va har bir tumanda koronavirus kasalligiga qarshi emlash ishlarini samarali olib borish maqsadida maxsus mobil avtobuslar faoliyati ham yoʻlga qoʻyilgan, deb xabar beradi Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.