Toshkent sirdaryolik jurnalistlarni quchoq ochib kutib oldi

    Mamlakatimizda 6 Noyabr 2021 1182

    Kuni kecha bir guruh sirdaryolik jurnalistlar Toshkent shahrida sayohatda bo‘ldi.

    Tadbir O‘zbekiston Jurnalistlar ijodiy uyushmasi, uning Sirdaryo viloyat bo‘limi, Respublika Ma’naviyat va ma'rifat markazi Sirdaryo viloyat bo‘limi, «Oydin yo‘l» gazetasi tahririyati tomonidan o‘zaro hamkorlikda, «Jurnalist va hayot» loyihasi doirasida tashkil etildi.

    Sir vohasi ijod ahli vakillari Adiblar xiyoboni, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, «Yangi O‘zbekiston» va «Pravda vostoka» gazetalari tahririyati, Milliy matbuot markazi, «G‘alaba» bog‘i kabi muhtaram va muhtasham maskanlarda bo‘ldi, mehmonlarni xushnudlik bilan kutib olgan mezbonlar bilan ijodiy muloqotlar qizg‘in kechdi.

    Ayniqsa, respublika Milliy matbuot markazida O‘zbekiston Jurnalistlar ijodiy uyushmasi raisi Olimjon O‘sarov, Matbuot uyida «Yangi O‘zbekiston» va «Pravda vostoka» gazetalari tahririyati Bosh muharriri Salim Doniyorov, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida uyushma raisi, O‘zbekiston Xalq shoiri Sirojiddin Sayyidlar bilan davra suhbatlari maroqli bo‘ldi.

    Dastur doirasida «Shirin sadosi» gazetasi bosh muharriri Obloqul Ashurqulov, viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi axborot xizmati rahbari G‘ulom Primov, axborot va ommaviy komunikatsiyalar boshqarmasi mutaxassisi Mohira Yo‘ldoshevalarga O‘zbekiston Jurnalistlar ijodiy uyushmasi a'zoligi, xuddi shuningdek, ijodkor jurnalistlardan Boyjigit Abdullaev, Hasan Abduvohidov, Rustam Emin va Alisher Nurlarga O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zoligi guvohnomalari hamda ko‘krak nishonlari aynan ana shu uyushmalar raislari tomonidan tantanali ravishda topshirildi, deb xabari beradi Sirdaryo Xabarlari.

    Shubhasiz, bunday yuqori darajadagi ijodiy tadbirlar o‘z navbatida ijodkorlarning, mas’uliyat va majburiyatlar oshgan holda, kuchlariga kuch, g‘ayratlariga g‘ayrat qo‘shishiga hyech kim shubha qilmaydi.