TTA rektori, professor Alisher SHadmanov konferentsiyada mamlakatimizda sog'liqni saqlash sohasi, jumladan, profilaktik tibbiyotni isloh qilish, koronavirus pandemiyasiga qarshi kurash borasida olib borayotgan ishlar haqida to'xtalib o'tdi. ekologik omillarning so'ngi o'n yil ichida aholi salomatligiga qay darajada salbiy ta'sir etayotgani xususidagi muhim ma'lumotlarga e'tibor qaratdi.
Koryo universiteti tibbiyot kolleji jamoat salomatligi maktabi direktori, profilaktik tibbiyot fakul`teti professori CHoy Jey Uk o'z so'zida Tibbiyot akademiyasi va Koryo universiteti o'zaro hamkorlikda katta yutuqlarga erishayotgani, tajriba almashish yo'lga qo'yilgani, kadrlar tayyorlash, ilmiy ishlar qilish, malaka oshirish va ushbu yo'nalishlardagi hamkorlikni samarali davom ettirishga tayyor ekanligini bildirdi.
Ta'kidlanganidek, rivojlangan mamlakatlarda sanoat ishlab chiqarishning jadal sur'atlarda o'sib borayotgani, bir tomondan iqtisodiyotga ijobiy ta'sir ko'rsatib, aholi farovonligini oshirsa, ikkinchi tomondan ekologik muammolarni ham keltirib chiqarmoqda. Biosferaning ifloslanishi turli ekologik kasalliklarni yuzaga chiqarayapti.
Toshkent tibbiyot akademiyasi bilan Koryo universiteti o'rtasida 2016 yilda imzolangan memorandumda sog'liqni saqlash sohasida ta'limni takomillashtirish, ekologiyaning antropogen ta'siri, tabiiy ressurslardan oqilona foydalanish borasida bilim va tajribalarni almashishga kelishib olingandi.
O'shandan buyon bu ikki ta'lim dargohi professor-o'qituvchilari o'zaro hamkorlikda tashkiliy va o'quv-uslubiy ishlar jarayoniga yuqori malakali mutaxassislar va olimlarini jalb etib, Toshkeng tibbiyot akademiyasida "Atrof-muhit va inson salomatligi" magistratura yo'nalishi bo'yicha mutaxassislar tayyorlashga yo'naltirilgan 2 ta darslik chop etishga erishdi. 2018 yilda ular hamkorligida Ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etildi.
Ayni kunda Tibbiyot akademiyasining 2 nafar yosh olimi Koryo universitetida doktorantura bosqichida tahsil olmoqda.
Gulchehra Mirzaeva,
Toshkent tibbiyot akaemiyasi matbuot kotibi