Pirogov stoli ilg'or innovatsion texnika bo'lib, unda odam anatomiyasi hamda topografik anatomiyadan barcha materiallar to'liq holda joylashtirilgan. Organlar tuzilishi antropometrik shakli, hatto, ranglari ham to'liq inson a'zolariga mos keladi. Qon tomirlar, nervlarning eng kichik turdagi shakllari ham nazardan chetda qolmagan. Inson a'zolarining jinsga nisbatan farqlari, topografik joylashuvlarining barchasi juda aniq shaklda berilgan.
Ahamiyatli jihatlaridan biri, u organ bo'ladimi, to'liq sistema bo'ladimi yoki butun tana bo'ladimi uning makroskopik, mikroskopik tuzilishini va topografik joylashuvini barcha sathlarda to'liq ko'rish va o'rganish, talabalarning anatomiya bo'yicha amaliy bilimlarini oshirish imkonini beradi.
Bundan tashqari, a'zo sistemalarning tuzilishi to'liq ingliz, rus tillarida yoritiladi.
Ushbu interaktiv stol inson a'zolari yoki sistemalarining anatomik va topografik tuzilishini katta ekranga uzatish va uni namoyish qilish imkoniyatiga ham ega.
Xulosa o'rnida shuni aytish kerakki, ushbu interaktiv stol zamon talablariga to'liq javob bera oladigan texnologiyadan biri bo'lib, nafaqat tibbiy oliy ta'lim muassasalari talabalari, balki yosh mutaxassislar hamda malaka oshiruvchi barcha shifokorlar uchun ham asqatadi.
R.Usmonov,
TTA Klinik anatomiya kafedrasi mudiri, professor,
N.Hasanov,
TTA Klinik anatomiya kafedrasi o'quv ishlari bo'yicha mas'ul xodimi