Toshkent tibbiyot akademiyasining birinchi kurs talabalari uchun “Talabalikka qasamyod“ tadbiri oʻtkazildi

    Yuqori ball bilan qabul qilingan talabalarga “Qasamyod varagʻi”, “Toshkent tibbiyot akademiyasining ramziy belgisi”, “Tib qonunulari kitobi”, “Kasallik tarixi bayonnomasi” topshirildi.

    Tibbiyot sohasi vakillari – butun umrini inson salomatligini asrashga bagʻishlagan murakkab va ayni paytda ezgu kasb egalaridir. Shifokorlik – dunyodagi oliyjanob, insonparvar va oʻta zarur kasblardan biri sifatida eʼtirof etib kelinadi.

    Joriy yilining 2-oktyabr kuni poytaxtimizdagi muhtasham Alisher Navoiy nomli kino saroyida Toshkent tibbiyot akademiyasining birinchi kursiga qabul qilingan talabalar qasamyodiga va Ustoz va murabbiylar kuniga bagʻishlangan tantanali tadbir oʻtkazildi.

    Mazkur bayram shodiyonasiga Sogʻliqni saqlash, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirliklari mutasaddi xodimlari, akademiyaga qabul qilingan 1800 nafar birinchi kurs talabalari, professor-oʻqituvchilar ishtirok etishdi.

    Dastlab Tibbiyot akademiyasi faoliyatiga oid videorolik, soʻngra teatrlashgan sahna koʻrinishi namoyish etildi. Shu bilan birga birinchi kursga qabul qilingan talabalarning kelgusida yetuk mutaxassislari, professor, akademik, eng muhimi fidoiy shifokor boʻlib xizmat qilishlari uchun tilaklar bildirildi.

    Toshkent tibbiyot akademiyasiga yuqori ballar bilan qabul qilingan talabalarga “Qasamyod varagʻi”, “Toshkent tibbiyot akademiyasining ramziy belgisi”, “Tib qonunulari kitobi”, “Kasallik tarixi bayonnomasi” topshirildi.

    – Respublikamizdagi eng nufuzli va yetakchi oliy oʻquv yurtimiz bugungi kunda chin maʼnoda Raqamli (smart) universitet sanaladi, – deya taʼkidlab oʻtdi Toshkent tibbiyot akademiyasi rektori v.v.b Sh.A.Boymurodov. – Yuz yillik tarixga ega oliy oʻquv yurtimizda 7 ta fakultet hamda 56 ta kafedra bakalavriatning 14 ta taʼlim yoʻnalishi, 38 ta magistratura mutaxassisligi, shuningdek 40 ta ordinatura, 33 ta doktorantura ixtisosligi, 7 ta internatura mutaxassisliklari boʻyicha faoliyat olib bormoqda. Ayni kunda 1000 nafar professor oʻqituvchi, jumladan, 212 nafar fan doktori, 347 nafar fan nomzodi va dotsent, 403 nafar assistent va oʻqituvchilar 14 mingdan ziyod yoshlarga taʼlim berib kelayotir. Talabalarimizning qariyb ikki ming nafarini xorijiy davlatlardan tashrif buyurgan yoshlar tashkil etadi. Bu yerda ustozlar va taʼlim oluvchilar uchun keng sharoit va ulkan imkoniyatlar yaratilgan. Talabalarning amaliyot oʻtashlari, kasbiy kompetensiyalarni mukammal darajada oʻzlashtirishlari uchun zamonaviy toʻrt avlod simulyatsion uskunalar va texnikalar bilan taʼminlangan. Shuningdek, Toshkent tibbiyot akademiyasining 19 ta taʼlim dasturlari Jahon tibbiy taʼlim federatsiyasining Mustaqil akkreditatsiya va reyting agentligi ekspertlari tomonidan eʼtirof etilib, xalqaro akkreditatsiyadan muvaffaqiyatli oʻtdi.

    Tadbirda koʻp yillar davomida Toshkent tibbiyot akademiyasida samarali faoliyat olib borayotgan va uning rivojiga oʻz yutuqlari bilan hissa qoʻshayotgan professor-oʻqituvchilarning koʻp yillik mehnati va yutuqlari eʼtirof etildi. Professor-oʻqituvchilarning 4 nafariga “Sogʻliqni saqlash aʼlochisi” , 7 nafariga “Oliy taʼlim aʼlochisi” koʻkrak nishoni, 2 nafariga Sogʻliqni saqlash vazirligining faxriy yorligʻi topshirildi. 72 nafar professor-oʻqituvchi Toshkent tibbiyot akademiyasi tashakkurnomasi va pul mukofotlari bilan taqdirlandi. Tadbirning tantanali taqdirlash qismidan soʻng birinchi kurs talabalari “Talabalik qasamyodi”ni oʻqib berishdi.

    Toshkent tibbiyot akademiyasining ijodkor talabalaridan iborat “Navo-shifo” ansambli ijrosida konsert dasturi namoyish etildi.

    Zulxumor Akbarova