Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Jismoniy tarbiya va sport sohasi uchun tibbiyot kadrlarini tayyorlash hamda sportchilarga tibbiy xizmat koʻrsatish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida Toshkent viloyatida sogʻliqni saqlash sohasi uchun oliy maʼlumotli kadrlar tayyorlash maqsadida quyidagi vazifalar belgilandi:
Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti huzurida tashkil etilgan tibbiyot fakultetini (“Davolash ishi” taʼlim yoʻnalishi) yanada kengaytirish orqali uni Toshkent tibbiyot akademiyasining Chirchiq filiali (keyingi oʻrinlarda – Filial)ga aylantirish;
Filialda sport tibbiyoti va boshqa tibbiyot mutaxassisliklari (“Davolash ishi”, “Farmatsevtika”, “Pediatriya”) boʻyicha kadrlar tayyorlash tizimini yoʻlga qoʻyish hamda Chirchiq shahridagi barcha turdagi tibbiyot muassasalarini Filialga klinik-oʻquv baza sifatida biriktirish;
Toshkent viloyati, Chirchiq shahri, Arancha qoʻrgʻoni, A.Yassaviy mahallasida joylashgan Sogʻliqni saqlash vazirligi tasarrufidagi sobiq 3-sonli oilaviy poliklinika, Chirchiq shahri, A.Temur mahallasida joylashgan Chirchiq tibbiyot kollejining bino-inshootlarini tegishli hududi bilan birga operativ boshqaruv huquqi asosida Filialga begʻaraz berish;
Filialning sport tibbiyoti boʻyicha (“Sport shifokori”, “Sport diyetologi” va “Sport farmakologi”) kadrlar tayyorlashga ixtisoslashgan fakultetini Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti bino-inshootlarining bir qismiga tekin foydalanish huquqi asosida joylashtirish orqali sport sohasida kadrlarni kompleks tayyorlash boʻyicha “Chirchiq sport klasteri” namunasini yaratish.
Shuningdek:
Sport tibbiyoti (“Sport shifokori”, “Sport diyetologi” va “Sport farmakologi”) yoʻnalishlariga qabul parametrlari Yoshlar siyosati va sport vazirligi tomonidan taqdim etiladigan haqiqiy ehtiyojdan kelib chiqib, Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan shakllantiriladi.
“Sport shifokori”, “Sport diyetologi” hamda “Sport farmakologi” mutaxassisligi boʻyicha shtat birliklariga ehtiyoji mavjud boʻlgan davlat sport-taʼlim muassasalariga ushbu shtat birliklarini ajratish nazarda tutildi.