Tojikiston Prezidenti Ijro etuvchi Devonining mehmonxonalar majmuasida Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxoʻjayev hamda Tojikiston Respublikasi Majlisi Oliy Majlisi raisi, Dushanbe shahri raisi Rustami Imomali bilan uchrashdi.
Uchrashuvda azaldan doʻst va qoʻshni boʻlgan xalqlarimiz va ikki poytaxt oʻrtasida turli sohalardagi aloqalarni rivojlantirish, oʻzaro hamkorlikda istiqbolli loyihalarni amalga oshirish borasida fikr almashdilar.
Rustami Imomali Toshkent shahar hokimini Dushanbeda koʻrib turganligidan xursandligini bildirib, bu Oʻzbekiston poytaxti hokimi boshchiligidagi ilk delegatsiya ekanligini qayd etdi. Oʻzbek xalqini Sharqona yil boshi, yangi kun – Navroʻz bilan tabriklab, Oʻzbekiston tomoni bilan barcha sohalardagi hamkorlikka tayyor ekanligini maʼlum qildi.
Oʻz navbatida Toshkent shahar hokimi ham doʻstona va samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, har ikki tomonda oʻziga xos yutuqlar borligi, oʻzaro aloqalarni rivojlantirish orqali tajriba almashish, malaka oshirish va ijobiy natijalarga erishish mumkinligiga toʻxtaldi.
Uchrashuvdan soʻng Toshkent shahar hokimligi delegatsiyasi ichimliklar ishlab chiqaruvchi, granit tosh va marmarni qayta ishlovchi korxonalar faoliyati bilan tanishdilar. Shuningdek, Dushanbedagi koʻp qavatli uylarning qurilishini koʻzdan kechirdilar. Tashrif davomida tomonlar mahalliy iqlim sharoitiga moslashtirilgan uy-joylar rejasi hamda Oʻzbekistondan qurilish materiallari yetkazib berish borasida fikr almashdilar.Bundan tashqari, delegatsiya aʼzolari Dushanbe shahridagi Tennis saroyi, Suv sporti majmuasi, Kohi Navroʻz madaniy-koʻngilochar majmuasi hamda Tojikiston Milliy muzeyida ham boʻldilar.
Dushanbe shahar meriyasida boʻlib oʻtgan uchrashuvda Grand Road Tashkent MCHJ QK Bosh direktori Axmad Saydaliyev Dushanbe shahar raisining transport va yoʻl qurilishi boʻyicha oʻrinbosari Saidzoda Firdavs va “Dushanbe shahrining yoʻllar va koʻpriklarni qurish, rekonstruksiya qilish va kapital taʼmirlash boshqarmasi” davlat muassasasi rahbari Rahimzoda Muhammadyusuf bilan uchrashdi.
Oʻzaro muloqot davomida tojik tomoni yer usti metrosini qurish boʻyicha Oʻzbekiston tajribasini oʻrganishga qiziqish bildirdilar, deb xabar beradi Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati.