Tezkor tadbirlardan birida Tojikistondan Sirdaryo daryosi orqali davlat chegarasini noqonuniy kesib oʻtgan Bekobod shahrida yashovchi, 1998-yilda tugʻilgan fuqaro qoʻlga olindi. Uning yonidan 5 kg 31 gramm “gashish” moddasi protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

Yana bir holatda DXX Toshkent viloyati boʻyicha boshqarmasi va bojxona idoralari hamkorligida poytaxtdagi xususiy tibbiy klinikalardan birida tekshiruv oʻtkazildi. Xolislar ishtirokida oʻtkazilgan koʻzdan kechirish jarayonida mazkur shifoxonada davolanayotgan 1970-yilda tugʻilgan shaxsga tegishli 1 kg 367 gramm “gashish” moddasi aniqlandi.

Fargʻona viloyatida oʻtkazilgan tezkor tadbirda esa Fargʻona tumanida yashovchi, 1998-yilda tugʻilgan shaxs oʻzining jinoiy sherigi tomonidan yashirib ketilgan 1 kg 21 gramm “gashish” moddasini olgan vaqtida ushlandi. Uning yashash xonadonini koʻzdan kechirish chogʻida yana 2 gramm “opiy” moddasi ham ashyoviy dalil sifatida olindi. Keyinchalik mazkur ish boʻyicha uning sherigi — Fargʻona shahrida yashovchi, 1998-yilda tugʻilgan fuqaro ham qoʻlga olindi.

Navbatdagi holatda Fargʻona viloyatining Qoʻshtepa tumanida yashovchi, 1999-yilda tugʻilgan fuqaro “Neksiya” rusumli avtomashinasida Margʻilon shahri hududida harakatlanib ketayotganda 996 gramm “gashish” moddasini avtoulovdan tashlab, qochishga uringan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Hozirda ushbu shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qoʻllanilgan. Tergov harakatlari davom etmoqda.