Toshkent viloyat markazi – Nurafshon tarixi haqida

    Bilasizmi? 2 Iyul 2021 6849

    Toshkent vohasida yana bir qadimiy toponim: Navkat shahri mavjud boʻlgan. Ushbu shahar nomi eroniy tillarda uchraydigan nav “yangi” soʻzi bilan bogʻliq boʻlib, “yangi shahar” degan maʼnoni anglatadi.

    Garchi bu toponim hozirgi kungacha saqlanmagan boʻlsa ham, oʻsha shahar hozir ham mavjud va boshqa nom bilan ataladi. Qoraxoniylar davrida Iloq viloyatining markazi boʻlgan va oʻz zarbxonasiga ega boʻlgan Navkat shahri keyinchalik Toʻytepa nomi bilan atalgan.

    Toʻytepa ham Toshkent viloyatining qadimgi turkiy toponimlaridan biri va koʻpchilik oʻylagani kabi uning marosim maʼnosidagi “toʻy” soʻziga aloqasi yoʻq.

    Toʻytepadagi “toʻy” soʻzi qadimgi turkiy “qalʼa, qoʻrgʻon” maʼnosidagi, Mahmud Koshgʻariy asarlarida tilga olingan “toʻy” soʻzi bilan bogʻliq. Toʻytepa esa “qoʻrgʻontepa”, degan maʼnoni anglatgan.

    Hozir bu shahar Toshkent viloyati markazi sanaladi va “nur taratuvchi”, “nur sochuvchi” maʼnosidagi Nurafshon nomini olgan, deb xabar beradi Toshkent viloyati hokimligi matbuot xizmati.