Davlat xizmatlari agentligi Toshkent viloyati boshqarmasiga qarashli tuman va shahar markazlari orqali joriy yilning oʻtgan 9 oyida 760 ming 577 ta davlat xizmatlari koʻrsatilgan boʻlsa, shundan 675 ming 94 tasi bevosita markazlar orqali amalga oshirildi. 85 ming 483 nafarga yaqin fuqaro davlat xizmatlaridan mustaqil ravishda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali foydalandi.
Tahlillarga koʻra, davlat xizmatlari koʻrsatish boʻyicha murojaatlarning 93 mingga yaqini bolalarni davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlariga qabul qilish, 57 ming 425 tasini fuqarolarning ruhiy kasalliklar boʻyicha, 57 ming 329 tasini kadastr pasportini shakllantirish, 54 ming 174 tasini Narkologiya dispanseri hisobida turishi yoki turmasligi toʻgʻrisida maʼlumotnoma berish, 54 ming 106 tasini elektron raqamli imzo (ERI) olish, 15 mingga yaqinini tadbirkorlikni davlat roʻyxatidan oʻtkazish bilan bogʻliq murojaatlar tashkil etadi.
Aholiga yanada keng qulayliklar yaratish, chekka hududlarda yashayotgan fuqarolar uzogʻini yaqin, ogʻirin yengil qilish, qolaversa, xizmatlarning qulay va shaffof usullarini joriy etish maqsadida 6 ming 521 ta sayyor xizmatlar koʻrsatildi.
Musa KARIMOV,
DXA Toshkent viloyati boshqarmasi boʻlim boshligʻi