Toshkent viloyati hokimi qator yangi loyihalar bilan tanishdi 

    Mamlakatimizda 4 Fevral 2021 1346

    Taqdimotda viloyat hokimining tegishli o'rinbosarlari, viloyat tashkilotlari rahbarlari hamda tashabbuskor tadbirkorlar ishtirok etdi.

    Avvalo, viloyat hokimi v.v.b D. Hidoyatov Ohangaron tumanida umumiy qiymati 150 mln. AQSH dollarlik boʻlgan yirik “OXANGARON CEMENT PRODUCTION” MCHJning sement ishlab chiqarish zavodi loyihasi bilan tanishdi. Tadbirkorning talabi 50 gektar yer maydoni edi. Yigʻilganlar mazkur loyihaning iqtisodiy samaradorligini oʻrganib, yer berilishi boʻyicha mutasaddilar tegishli koʻrsatmalarni olishdi. Shu bilan birga, viloyat hokimi tadbirkorga tumanda faoliyat yuritayotgan 29 ta MFYdan 12 tasini maʼmuriy binosi mavjud emasligini, joriy yilda mazkur binolarni qurishda moliyaviy koʻmak berish taklifini ham ilgari surdi.

    Shuningdek, IIBB boshligʻi T.Aripov tomonidan Toshkent viloyati hududidagi avtomobil yoʻllarida sodir boʻlayotgan YTH lar va qoidabuzarliklar tahlillar asosida koʻrsatib berilib, koʻrilishi lozim boʻlgan chora-tadbirlar taklifi oʻrtaga tashlandi.

    Zangiota tumanining “Qahramon” mahallasi misolida kelgusida fuqarobay ishlash tizimi sohaga tatbiq qilinishi zarurligi hamda Olmaliq va Chirchiq shaharlari markazlaridagi tirbandliklar, tartibsizliklar xususida soʻz yuritdi. Yaʼni,oldini olish maqsadida, yer osti yoki yer usti yoʻli, shu bilan birga, koʻp qavatli, zamonaviy avtoturargoh (parkovka) qurish loyihasini taqdim etdi. Shu bilan birga, Olmaliq shahrida yoʻlovchi tashish transporti boʻlgan “Damas” lar oʻrnida avtobuslar faoliyatini yoʻlga qoʻyish, shu bilan birga, Chirchiq shahridagi “Chirchiq dehqon bozori” ini shaharning yuqori qismiga koʻchirish kabi qator takliflar ham koʻrib chiqildi.

    Shundan soʻng, viloyat Obodonlashtirish bosh boshqarmasining talab etilayotgan texnika vositalari, ishchilar uchun zarur zamonaviy maishiy xonalar, qoʻshimcha chiqindixonalar hamda boshqarma tizimida 5 gektar maydonga gullar va butalar yetishtirish uchun issiqxona barpo etish kabi bir necha loyihalari taqdim etildi. Xususan, qoʻl mehnatini yengillashtirish uchun maxsus texnikalar zarurligi bois, viloyat hokimi tomonidan byudjet mablagʻlari hisobidan 1 mlrd. soʻm mablagʻ ajratish taklifi qoʻlla-quvvatlandi.

    Tadbir yakunida elektron hujjat aylanish tizimining yangi versiyasi taqdimoti ham boʻlib oʻtdi.