Toshkent viloyatida amalga oshirilayotgan islohotlar va yaratilayotgan imkoniyatlardan aholining xabardorlik darajasini kengaytirish, shuningdek, hudud tarixi, urf-odat va an’analari, boy tabiati va turizm salohiyatini keng targ‘ib etish hamda mintaqada ta’sirchan media makon yaratishni qo‘llab-quvvatlash maqsadida:
1. O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi tizimida Toshkent viloyati teleradiokanali – “Nurafshon TV” (keyingi o‘rinlarda – Toshkent viloyati teleradiokanali) tashkil etilsin.
2. Quyidagilar Toshkent viloyati teleradiokanalining asosiy vazifalari etib belgilansin:
Toshkent viloyatining ijtimoiy-siyosiy, sotsial-iqtisodiy va madaniy-ma’rifiy hayotida ro‘y berayotgan islohotlar, farovonlik, taraqqiyot va bunyodkorlik yo‘lida olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlar hamda yaratilgan imkoniyatlar haqida aholini muntazam xabardor qilib borish;
joylarda islohotlarni amalga oshirishga to‘siq bo‘layotgan omillarni keng jamoatchilik muhokamasiga olib chiqish, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda boshqa tashkilotlar faoliyati yuzasidan samarali va ta’sirchan jamoatchilik nazoratini o‘rnatish;
aholining siyosiy va ijtimoiy faolligini oshirish, ularda qat’iy fuqarolik pozitsiyasini shakllantirish, sifatli davlat xizmatlarini ko‘rsatish va ulardan samarali foydalanish masalalarini tele- va radiodastur orqali yoritish;
hududning tarixi, madaniyati, san’ati, adabiyoti va urf-odatlari, boy tabiati, so‘lim go‘shalari va turizm salohiyatini aks ettiruvchi, ularni o‘rganish, asrab-avaylash va keng targ‘ib qilishga yo‘naltirilgan ko‘rsatuv va eshittirishlar tayyorlash;
aholining intellektual va madaniy saviyasini oshirish, fuqarolarning ongida demokratik qadriyatlarni mustahkamlash, yoshlar va o‘sib kelayotgan avlodni vatanparvarlik, umuminsoniy qadriyatlarni hurmat qilish va millatlararo totuvlik ruhida tarbiyalashni targ‘ib qilish;
davlat va nodavlat teleradiokompaniyalar, axborot agentliklari, shuningdek, xalqaro tashkilotlar bilan axborot almashish bo‘yicha samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish.
3. Belgilansinki:
Toshkent viloyati teleradiokanali davlat muassasasi shaklidagi yuridik shaxs hisoblanadi;
Toshkent viloyati teleradiokanali o‘z tele- va radiodasturlari bilan kechayu kunduz uzluksiz ravishda efirga chiqadi;
Toshkent viloyati teleradiokanali xodimlarining cheklangan shtatlari soni 69 nafar, shu jumladan, boshqaruv xodimlari soni 4 nafardan iborat bo‘ladi;
Toshkent viloyati teleradiokanalining tashkiliy tuzilmasi O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi tizimidagi tegishli tashkilotlarning tuzilmasini maqbullashtirish va mavjud shtatlarni qisqartirish hisobiga tashkil etiladi;
Toshkent viloyati teleradiokanali tashkiliy tuzilmasi O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi raisi tomonidan tasdiqlanadi;
Toshkent viloyati teleradiokanali xodimlariga O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi tizimida faoliyat yuritayotgan teleradiokanallar xodimlari uchun qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan mehnatga haq to‘lash va moddiy rag‘batlantirish shart-sharoitlari tatbiq etiladi.
4. Toshkent viloyati ma’muriy markazi – Nurafshon shahrida Toshkent viloyati teleradiokanali uchun kompleks bino (keyingi o‘rinlarda – Ob’ekt) qurishga 1,3 gektar yer maydoni ajratilganligi hamda qurilish bo‘yicha loyiha-qidiruv ishlari amalga oshirilib, loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
5. Toshkent viloyati hokimligi (Z.T.Mirzayev) Ob’ektda qurilish-montaj va uning hududida obodonlashtirish ishlarining sifatli bajarilishini ta’minlasin. Bunda, optik tolali aloqa liniyasi qurishda “O‘zbektelekom” AK texnik shartlari inobatga olinsin.
6. Qurilish vazirligi (B.I.Zakirov) Ob’ekt bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlarini davlat ekspertizasidan o‘tkazsin va qurilish-montaj ishlarining sifatli bajarilishi ustidan davlat nazoratini o‘rnatsin.
7. O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi (A.J.Xadjayev) Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi (A.M.Boboyev), Moliya vazirligi (T.A.Ishmetov), Toshkent viloyati hokimligi (Z.T.Mirzayev) bilan birgalikda ob’ekt qurilishini tashkil etish va jadallashtirish, zamonaviy studiya kompleksi va ko‘chma televizion stansiya uchun talab etiladigan mablag‘lar 2022-2023 yillar ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturiga kiritilishini ta’minlasin.
8. O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi va Toshkent viloyati teleradiokanalini texnologik jihozlash uchun belgilangan tartibda tasdiqlangan ro‘yxatlarga muvofiq olib kiriladigan, respublikada ishlab chiqarilmaydigan import tovarlar – multimedia, radiotelevizion uskunalari, materiallar, dasturiy ta’minot va ehtiyot qismlarni 2024 yil 1 yanvarga qadar bojxona bojidan ozod qilinsin.
9. Ob’ekt foydalanishga topshirilgunga qadar:
a) Toshkent viloyati hokimligi (Z.T.Mirzayev) viloyatda ro‘y beradigan kunlik voqea-hodisalarni tezkor yorituvchi va hududda ishlovchi teleradiokanalning ijodiy xodimlariga shart-sharoit yaratsin va ularga vaqtinchalik foydalanish uchun tekin foydalanish huquqi asosida yetarli xonalar ajratsin;
b) O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi (A.J.Xadjayev):
Toshkent viloyati teleradiokanalini O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasiga tegishli binolarga vaqtincha tekin foydalanish huquqi asosida joylashtirsin, zarur bo‘lgan birlamchi vositalar bilan jihozlasin va ijodiy-texnik xodimlar ishlashi uchun yetarli sharoit yaratsin;
Toshkent viloyati teleradiokanali faoliyati “Toshkent” teleradiokanali efiri bilan parallel ravishda olib borilishini tashkil etsin;
Toshkent viloyati teleradiokanalining imiji, leybli, videolavhalari kabi asosiy taniqlik belgilarini ishlab chiqsin;
ijodiy-texnik guruh tuzgan holda Toshkent viloyati teleradiokanali efirida Toshkent viloyatining ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy hayotiga oid bo‘lgan voqea-hodisalarni yoritib boruvchi asosiy kundalik informatsion dasturni tayyorlab borsin;
O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi tizimidagi radiokanallarning birida Toshkent viloyati bilan bog‘liq bo‘lgan voqea va hodisalarni yoritib borish uchun alohida efir vaqti ajratsin.
Belgilansinki, Toshkent viloyati teleradiokanalini malakali kadrlar bilan ta’minlash, zaruratga qarab, bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.
10. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (Sh.X.Shermatov) O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi (A.J.Xadjayev) bilan birgalikda 2022-2023 yillar davomida:
Toshkent viloyati teleradiokanali efir signalini raqamli televideniyening umumiy foydalaniladigan ijtimoiy paketida Toshkent viloyati hududiga to‘liq yetkazsin;
Toshkent viloyati teleradiokanalining radio yo‘nalishi uchun alohida chastota ajratish va radio faoliyatini olib borish uchun texnik sharoit yaratsin.
11. Moliya vazirligi (T.A.Ishmetov) 2022 yildan boshlab, Toshkent viloyati teleradiokanali faoliyatini hamda televideniye va radioeshittirish dasturlari signallarini uzatish va tarqatish xizmatlarini moliyalashtirish uchun Davlat byudjeti parametrlarida zarur mablag‘larni nazarda tutsin.
12. O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi, Yoshlar ittifoqi, Qishloq xo‘jaligi vazirligining:
“Yoshlar”, “Navo” va “Kinoteatr” telekanallari ixtisoslashtirilgan reklama xususiyatiga ega bo‘lgan kanal sifatida faoliyat ko‘rsatishiga ruxsat berish;
“O‘zbekiston” teleradiokanalida “Qishloq xo‘jaligi” tahririyatiни tashkil etish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullansin.
Bunda:
“Yoshlar”, “Navo” va “Kinoteatr” telekanallari tomonidan umume’tirof etilgan axloqiy me’yorlarga rioya qilish, milliy urf-odatlar, tarixiy va ma’naviy merosni qadrlash, fuqarolarning ongida demokratik qadriyatlarni shakllantirish, yosh avlodni vatanparvarlik, Vatanga muhabbat va umumbashariy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashga qaratilgan televizion dasturlar tayyorlashga e’tibor qaratilsin;
Qishloq xo‘jaligi vazirligi (J.A.Xodjayev), Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi (B.T.Norqobilov), Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasi (B.Q.Sharipov), O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi (A.J.Xadjayev), agrar va oziq-ovqat sohasining boshqa tashkilotlari qishloq xo‘jaligidagi islohotlar, ekin ekish va parvarishlash agrotexnikasi, yer va suvdan oqilona foydalanish, chorvachilik, veterinariya, baliqchilik, pillachilik, parrandachilik, asalarichilik, bog‘dorchilik, sabzavotchilik va issiqxona xo‘jaligi kabi masalalar bo‘yicha “Qishloq xo‘jaligi” tahririyati tomonidan teleradiomahsulotlar tayyorlanishi va efirga uzatilishiga ko‘maklashsin.
13. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsan javobgar etib O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi raisi A.J.Xadjayev hamda Toshkent viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Z.T.Mirzayev belgilansin.
Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.A.Abduxakimov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOEV
Toshkent shahri,
2021 yil 18 noyabr.