Toshkent viloyati Turkiyaning Xatay provinsiyasi bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyadi

    Xalqaro hamkorlik 7 Iyul 2021 771

    Toshkent viloyati hokimi Davron Hidoyatov Turkiya Respublikasining Xatay provinsiyasi hokimi Lyutfi Savash boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi.

    Uchrashuvda metallurgiya sanoati, savdo-sotiq, qishloq xoʻjaligi, ishlab chiqarish kabi yoʻnalishlarda hamkorlik qilish imkoniyatlari va istiqbollari muhokama etildi.

    Taʼkidlanganidek, soʻnggi yillarda Oʻzbekiston va Turkiya prezidentlarining doʻstona munosabatlari, birgalikdagi saʼy-harakatlari natijasida mamlakatlarimiz oʻrtasida turli sohadagi hamkorlik kengaydi. Shuni eʼtiborga olib, ikki viloyat turli sohalarda hamkorlikni kengaytirishi va bu orqali hududlarning rivojlantirishga erishilishi bu boradagi saʼy-harakatlarning amaliy samarasidir.

    Muloqot davomida mehmonlarga hududlarning ixtisoslashuvi, tadbirkorlik faoliyati uchun yaratilgan shart-sharoitlar, ichki imkoniyat, qurilish va bunyodkorlik, aholi uchun yaratilayotgan qulayliklar haqida maʼlumot berildi.

    Xususan, Xatay provinsiyasi temir-poʻlat mahsulotlari ishlab chiqarish rivojlangan. Logistika nuqtai-nazaridan Turkiyadagi uchinchi viloyat hisoblanadi. Qishloq xoʻjaligida meva-sabzavot mahsulotlari, ayniqsa, sitrus mevalarning 17 foizi mazkur hududdan eksport qilinadi. Umuman olganda, iqtisodi va sanoat sohasidagi imkoniyatlari jihatidan mamlakat boʻyicha yettinchi oʻrinda turadi.

    Mazkur delegatsiyaning mamlakatimizga tashrifi doirasida Iskandarun shahrining savdo-sanoat palatasi raisi ham kelgan boʻlib, unga 7 mingdan ortiq Xataylik ishbilarmonlar aʼzo hisoblanadi. Shuningdek, Antakiya shahrining maxsus sanoat zonasi vakillari ham oʻzaro hamkorlik qilish maqsadida Toshkent viloyatida boʻlib turibdi. Ular bilan birgalikda bir qator turkiyalik tadbirkorlar ham B2B uchrashuvlarida qatnashadi.

    Davron Hidoyatov delegatsiya aʼzolariga Toshkent viloyatida Xatay provinsiyasi sanoat zonasining filialini ochish, ikki davlat tadbirkorlari hamkorlikda ishni tashkil qilish boʻyicha taklif bildirdi. Turkiyalik mehmonlar bu tashabbusni yuqori baholadi.

    – Toshkent viloyatiga faqat sayohat uchun emas, balki hudud tajribasini oʻrganish va hamkorlik qilish uchun keldik, – deydi Xatay provinsiyasi hokimi Lyutfi Savash. – Bizning tadbirkorlarimiz ham oʻzbekistonlik qardoshlar bilan birga yangi istiqbolli loyihalarni amalga oshirishdan manfaatdor. Uchrashuvda bu boradagi amalga oshirilishi lozim boʻlgan ishlarni atroflicha muhokama qildik. Bizning takliflarimizga berilayotgan eʼtibordan mamnunmiz.

    Taʼkidlash joizki, muloqotdan koʻzlangan asosiy maqsad yaqin hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, hududlar tajribasini keng targʻib qilish va yangi ishlab chiqarish tarmoqlarini tashkil etishga qaratilgan.

    Uchrashuv doirasida hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan memorandum imzolandi, deb xabar beradi Toshkent viloyati hokimligi matbuot xizmati.