Toshkent viloyati va Toshkent shahri chegaralari oʻzgartirildi

    Mamlakatimizda 27 Avgust 2021 1161

    Oliy Majlis Senatining oʻn sakkizinchi yalpi majlisida Toshkent viloyatining Zangiota, Yuqori Chirchiq, Oʻrta Chirchiq va Qibray tumanlari hamda Toshkent shahrining Sergeli, Bektemir, Mirzo Ulugʻbek va Yashnobod tumanlarining, shuningdek Toshkent viloyati va Toshkent shahri chegaralarini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi masala koʻrib chiqildi.

    Maʼlumki, davlatimiz rahbari joylarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi bilan yaqindan tanishish, xalq bilan muloqot qilish maqsadida joriy yilning oʻzida bir necha marotaba Toshkent shahri
    va Toshkent viloyatiga tashrif buyurgan edi.

    Tashriflar davomida ushbu hududlarning salohiyatini har tomonlama yuksaltirishga qaratilgan qator yangi gʻoyalar ilgari surildi, masʼullarga tegishli koʻrsatma va vazifalar berildi.

    Toshkent viloyatining Zangiota, Yuqori Chirchiq, Oʻrta Chirchiq va Qibray tumanlari hamda Toshkent shahrining Sergeli, Bektemir, Mirzo Ulugʻbek va Yashnobod tumanlarining, shuningdek, Toshkent viloyati va Toshkent shahri chegaralarini oʻzgartirish tashabbusi ham mana shu tashriflar mahsulidir.

    Qayd etish lozimki, Toshkent shahri aholisi soni 2021-yil 1-iyul holatiga 2 737,2 ming kishini tashkil etib, joriy yil boshiga nisbatan 42,8 ming kishiga oʻsgan, aholining zichligi 1 km kv.ga 7 564 kishini tashkil etadi. Bu esa, oʻz navbatida, kelajakda Toshkent shahrini rivojlantirish, uning hududini yanada kengaytirish kabi masalalarni yuzaga chiqaradi.

    Toshkent shahri aholisi sonining yil sayin oshib borishi shaharda yangi ijtimoiy soha obyektlarini qurish, yangi ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish korxonalarini tashkil etish, madaniy va dam olish maskanlarini koʻpaytirish choralarini koʻrishni talab etadi. Bu kabi muammolar Toshkent shahri hududini bosqichma-bosqich kengaytirish orqali amalga oshirilishi mumkin.

    Shu bois, yalpi majlisda muhokama qilingan ushbu masala Senat qarori bilan Toshkent viloyatidan 7 853,3 gektar yer maydoni Toshkent shahriga, Toshkent shahridan 171,3 gektar yer maydoni Toshkent viloyati hududiga oʻtkazilishi belgilanmoqda.

    Jumladan, Toshkent viloyatining Zangiota tumanidan 1 827,1 gektar (shundan, 424,2 gektar qishloq xoʻjaligi yerlari) yer maydoni Toshkent shahrining Sergeli tumani tarkibiga, Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumanidan 490,0 gektar (shundan, 154,2 gektar qishloq xoʻjaligi yerlari) yer maydoni Toshkent shahrining Bektemir tumani tarkibiga, Toshkent viloyatining Oʻrta Chirchiq tumanidan 1 134,2 gektar (shundan, 578,2 gektar qishloq xoʻjaligi yerlari) yer maydoni Toshkent shahrining Bektemir tumani tarkibiga, Toshkent viloyatining Qibray tumanidan 2 294,6 gektar (shundan, 1 090,9 gektar qishloq xoʻjaligi yerlari) yer maydoni Toshkent shahrining Mirzo Ulugʻbek tumani tarkibiga, Toshkent viloyatining Qibray tumanidan 2 107,4 gektar (shundan, 1 002,6 gektar qishloq xoʻjaligi yerlari) yer maydoni Toshkent shahrining Yashnobod tumani tarkibiga, Toshkent shahrining Sergeli tumanidan 33,8 gektar yer maydoni Toshkent viloyatining Zangiota tumani tarkibiga, Toshkent shahrining Bektemir tumanidan 137,5 gektar yer maydoni Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumani tarkibiga oʻtkazilmoqda.

    Bundan tashqari, Toshkent shahri tarkibiga oʻtkazilayotgan qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan (sugʻoriladigan) yerlarni boshqa maqsadlar uchun ajratish qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

    Toshkent shahriga oʻtkazilayotgan Toshkent viloyatining tegishli hududlaridagi saylov okruglaridan saylangan xalq deputatlari tegishlicha Toshkent shahri xalq deputatlari hisoblanishi belgilanmoqda.

    Toshkent viloyatidan Toshkent shahriga oʻtayotgan hududlarda 42 ta MFY mavjud boʻlib, bugungi kunda ushbu hududlarda 95 872 nafar aholi (23 249 ta oila, 29 010 ta xonadon mavjud) istiqomat qiladi. Ushbu hududlarda 15 ta (2025 oʻrinli) maktabgacha taʼlim tashkiloti, 16 ta (8756 oʻrinli) umumtaʼlim maktablari va 6 ta oilaviy poliklinika mavjud.

    Shu bilan birga, 1 421 ta kichik tadbirkorlik subyekti sanoat, xizmat koʻrsatish va servis sohalarida faoliyat yuritmoqda. Taʼkidlash joizki, Toshkent viloyati hududidan Toshkent shahriga yer maydonlari oʻtkazilishi natijasida aholi turmush sharoiti yanada yaxshilanib, ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish sohalarini kengaytirish, xorijiy investitsiyalarni keng jalb etish, shahar eksport salohiyatini oshirish, muhandislik-kommunikatsiya va yoʻl infratuzilmasi obyektlarini yanada yaxshilashga olib keladi.

    Shu bilan birga, Toshkent viloyatidan Toshkent shahriga oʻtkazilgan hududlarni muhandislik-kommunikatsiya va yoʻl infratuzilmasini yaxshilash, ijtimoiy soha obyektlarini barpo etish boʻyicha Hukumatning alohida qarori qabul qilinishi belgilanmoqda.

    Hukumat qarori bilan Toshkent viloyati va shahrining bir-biriga oʻtkazilayotgan hududlarida yashovchi aholi xatlovdan oʻtkazish orqali yangi manzil boʻyicha qayta roʻyxatga olinadi. Viloyat va shahar mahalliy byudjetining hamda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning prognoz parametrlari qayta koʻrib chiqilib, tegishli oʻzgartirishlar kiritiladi. Aholi va yuridik shaxslarning koʻchmas mulklari kadastr hujjatlariga oʻzgartirish kiritiladi. Aholi va yuridik shaxslarning avtotransport vositalarini roʻyxatdan oʻtkazish davlat raqamlarini oʻzgartirish
    va guvohnoma berish kabi masalalar hal etiladi.

    Mazkur masala yuzasidan Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.