Jumladan, unutmaslik kerakki, yoʻl-transport hodisalari, avvalo, ayrim haydovchilarning yoʻl harakati qoidalarini yaxshi bilmasligi, unga qatʼiy amal qilmasligi, murakkab ob-havo sharoitini inobatga olmasligi, texnik nosoz transport vositalaridan foydalanishi natijasida sodir boʻladi, deyilgan.

“Qishda, ayniqsa, bayram va dam olish kunlari koʻplab yurtdoshlarimiz oilalari, doʻstlari bilan birgalikda togʻli hududlarga dam olishga boradi. «Chimyon”, “Amirsoy” kabi joylarga intiluvchilar, bayram kunlarini oʻsha hududlarda oʻtkazishni istovchilar koʻpayadi. Shu bois, birinchi navbatda, texnikaning holatiga alohida eʼtibor qarating. Rul boshqaruvi va tormoz tizimida nosozliklar boʻlgan transport vositalaridan foydalanmang. Yaroqsiz holga kelib qolgan, protektor izlari yedirilib ketgan balonlar xavfli holatlarni yuzaga keltirishini unutmang. Oʻta zarur ehtiyoj boʻlmasa qorli, qirovli kunlarda togʻli hududlar boʻylab transport vositasida harakatlanmang.

Bayram kunlari yoziladigan dasturxonda spirtli ichimliklar isteʼmol qilmang. Siz bilan transport vositasida yurgan yaqinlaringiz hayotini oʻylang.

Bayram kunlari maktab oʻquvchilari taʼtilga chiqishadi. Shu sabab ularni nazorat qilishni unutmang. Katta yoʻl yoqalarida oʻynashiga yoʻl qoʻymang.

Davlat yoʻl harakati xavfsizligi xizmati intizomli, qoidalarga amal qiluvchi harakat ishtirokchilariga oʻz minnatdorligini bildiradi. Yoʻlingiz hamisha ravon, hayotingiz farovon boʻlsin», deya yakunlanadi murojaat.