Toshkent viloyati Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi davlat inspektorlari tomonidan Ohangaron tumanida o‘tkazilgan reyd natijasida "Qorasuvyoqa" MFY hududida "F.A.B." fermer xo‘jaligi tomonidan 11,5 gektar yer maydonida 100 dan ortiq ko‘p yillik manzarali daraxtlar va butalar noqonuniy tarzda kesilganligi va ildiz qismi bilan qo‘porib ko‘mib tashlanganligi aniqlandi. Bu haqda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi Matbuot xizmati xabar berdi.

Unga ko‘ra, o‘rganish davomida 59 tup daraxtning ildiz qismi aniqlangan va tegishli tartibda hududga ildiz qismlari yo‘q qilib yuborilmasligi uchun faollar jalb qilinib, navbatchilik ishlari olib borilmoqda.

Huquqbuzarlik natijasida tabiatga 1 milliard 463 million 12 ming so‘m zarar yetkazilganligi aniqlandi. Ma’lumot uchun, qarorga ko‘ra, davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalar qimmatbaho navlarining kesilishiga moratoriy davrida daraxtlar va butalarga yetkazilgan zarar miqdori ikki baravarga oshiriladi.

Holatga huquqiy baho berish uchun to‘plangan hujjatlar huquqni muhoza qilish organlariga yuborilmoqda.