Uzoq yillar davomida Chirchiq shahrida birorta ham koʻp qavatli uy-joy qurilmagan edi. Keyingi yillarda shahar qiyofasi tubdan yangilandi. Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan Chirchiqda oʻnlab zamonaviy, zilzilabardosh va energiya tejamkor koʻp qavatli uy-joylar bunyod etildi.
Xususan, 2017-2019-yillar davomida birgina “Oʻzshahar qurilish invest” IK tomonidan davlat dasturi asosida uy joyga ehtiyojmand oilalar uchun shaharda 18 ta 7 qavatli turarjoy qurib foydalanishga topshirilgan edi. 2020-yilda qurilishi boshlangan 2 ta 16 qavatli turarjoy majmuasi esa nafaqat Chirchiq shahri uchun balki, Toshkent viloyatida ham oʻziga xos yangilik boʻldi.
Mazkur uylar quyma temir — beton konstruksiya hisoblanadi. Har bir xonadon toʻliq gazlashtirilgan va individual isitish tizimiga ega. Xonadonlar moʻtadil iqlimini saqlashi uchun bino tashqi devorlari bazalt mineral plitasi bilan qoplangan. Binoda ikkitadan zamonaviy yuk koʻtarish qobiliyati yuqori liftlar oʻrnatilgan. Energotejamkor uylarda raqamlashtirilgan texnologiyalar keng qoʻllanilgan boʻlib, yongʻin xavfsizligi, xavfsizlik choralari nanotexnologiyaga asoslangan holda ishlab chiqilgan.
Ayni paytda mazkur uylarda qurilish ishlari toʻliq yakunlanib oʻz egalariga foydalanishga topshirildi. Ushbu uylar aholiga 20 yillik ipoteka kreditlari asosida berildi. Hozirda hududda yana 2 ta har biri 80 xonadonli 16 qavatli uylar bunyod etilayotgan boʻlib, tez kunlarda tayyor holda foydalanishga topshiriladi, deb xabar beradi Qurilish vazirligi matbuot xizmati.