Toshkent viloyatida o'tgan 2021 yilda tuman va shahar Davlat xizmatlari markazi orqali aholiga 1 million 7 ming 101 ta davlat xizmatlari ko'rsatildi. Shuningdek, 162 mingdan ortiq fuqaro xizmatlardan mustaqil ravishda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali my.gov.uz orqali foydalandi.
Eng ko'p foydalanilgan davlat xizmatlari bolalarni maktabgacha ta'lim tashkilotlariga joylashtirish 125 ming 307 ta (12 %), kadastr pasportini berish 80 ming 132 ta (8 %), ko'chmas mulk ob'yektlariga bo'lgan huquqlarni davlat ro'yxatidan o'tkazishga ariza yuborish 65 ming 654 ta (7 %), ichimlik suvi hisoblagichni qiyoslashdan o'tkazish 36 ming 259 ta (4 %), pensiya (nafaqa) haqida ma'lumotnoma olish 30 ming 944 ta (3 %)ni tashkil etdi.
Eng ko'p davlat xizmatlari Angren shahar Davlat xizmatlari markazi orqali ko'rsatildi. Jumladan, Angren shahrida 90 ming 378 ta, Zangiota tumanida 79 ming 825 ta, Qibray tuman DXMda esa 77 ming 538 ta davlat xizmatlari ko'rsatildi.
2021 yilda davlat ro'yxatidan o'tgan tadbirkorlik sub'yektlari soni 19 ming 117 tani tashkil etgan bo'lsa, shundan 7 ming 742 tasi yuridik shaxslar, 11 ming 375 tasi yakka tartibdagi tadbirkorlar. Davlat ro'yxatidan o'tgan xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar soni 35 tani tashkil etdi.
Tuman markazlaridan uzoqda joylashgan hududlarda hamda aholining ehtiyojlaridan kelib chiqib, viloyatda Davlat xizmatlari markazining 9 ta filiallari tashkil etilgan bo'lib, 2021 yil davomida ular tomonidan ko'rsatilgan xizmatlar soni 9 mingdan oshdi.
Olis, chekka hududlarda istiqomat qiluvchi aholining davlat xizmatlariga bo'lgan talab va ehtiyojini qondirish maqsadida 15 ming 410 ta sayyor davlat xizmatlari ko'rsatildi.
Musajon Karimov,
DXA Toshkent viloyati boshqarmasi
bo'lim boshlig'i