Toshkent viloyatida 240 mvt quvvatga ega issiqlik elektr stansiyasi quriladi

    Energetika 19 Avgust 2021 963

    19-avgustda Turkiyaning “Cengiz Enerji” kompaniyasi tomonidan Toshkent viloyatining Qibray tumanida quvvati 240 MVt boʻlgan yangi issiqlik elektr stansiyasining qurilish maydoniga ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida press-tur tashkil qilindi.

    Unda taʼkidlanganidek, qurilish ishlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2021-yil 2-fevralda “Toshkent viloyatida quvvati 240 MVt boʻlgan navbatdagi issiqlik elektr stansiyasi qurilishini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq amalga oshirilmoqda.

    Mazkur qarorga asosan, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi va Turkiyaning “Cengiz Enerji” (investor), “Cenergo” (loyiha kompaniyasi) kompaniyasi oʻrtasida investitsiya bitimi imzolangan.

    Mazkur IES ishga tushirilgandan soʻng, “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ va “Cengiz Enerji” oʻrtasida elektr energiyasini sotib olish toʻgʻrisida imzolangan bitimga muvofiq, ishlab chiqarilgan elektr energiyasini “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ 25 yil davomida kafolatlangan tarzda sotib oladi.

    Qibray tumanida 3,7 gektar yer maydonida qurilayotgan mazkur yangi issiqlik elektr stansiyasi joriy yilning dekabr oyida ishga tushirilishi rejalashtirilgan, deb xabar beradi Energetika vazirligi matbuot xizmati.