Toshkent viloyatida 4 nafar oʻquvchi bitiruv kechasi uchun oʻgʻrilik qildi

    Toshkent viloyatining Angren shahrida 4 nafar maktab oʻquvchisi bitiruv kechasiga pul topish maqsadida oʻgʻrilik qildi.

    Viloyati IIBB matbuot xizmatining xabar berishicha, shu yilning 16-aprel kunidan 17-aprel kuniga oʻtar kechasi, Angren shahri “Nurchi“ mahallasida nomaʼlum shaxs “Damas”rusumli avtomashinadan pul mablagʻlari oʻgʻirlangani haqida hududiy Ichki ishlar boʻlimiga xabar kelib tushgan. Holat oʻrganilib, tegishli tartibda jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

    Maʼlumotlarga koʻra, olib borilgan tezkor choralar natijasida ushbu jinoyatni 15–17 yoshdagi toʻrt nafar maktab oʻquvchisi sodir etgani aniqlanib, protsessual tartibda ushlandi. Dastlabki tergov davomida gumonlanuvchilar ushbu oʻgʻirlangan pullarni maktab bitiruv kechasi uchun kerak boʻlgan xarajatlarni qoplash maqsadida olganini bildirgan.

    Bu kabi holatlar barchamizni birdek oʻylantirishi kerak. Chunki, bitiruv kechalari va shu kabi tadbirlardagi ortiqcha xarajatlar, “boshqalardan qolmaslik“ hissi, moddiy bosim — ayrim oʻquvchilarni jinoyatga boshlamoqda, — deyiladi matbuot xizmati xabarida.

    IIBB barcha ota-onalarni ogohlikka chaqirib, farzandlar hayot tarzi, maktabdagi holati, kimlar bilan muomalada ekani, internetdagi faoliyati va moliyaviy ehtiyojlariga eʼtiborli boʻlishga chaqirdi.