Mazkur siyosiy tadbir xalqimiz hayotida muhim ahamiyatga ega. Barcha hududlarda boʻlgani kabi Toshkent viloyatida ham saylovga qizgʻin tayyorgarlik ishlari amalga oshirilyapti. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Saylov kodeksi, Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlangan Kalendar rejasi hamda amaldagi qonun hujjatlari asosida 10-Toshkent viloyati okrug saylov komissiyasi tomoni oʻz faoliyatini olib boryapti.

Bugungi kunda viloyat boʻyicha 963 ta saylov uchastkalari tashkil etilgan boʻlib, aholi uchun qulay hududlarda boʻlishiga alohida eʼtibor qaratildi. Buning uchun soʻnggi besh yil ichida joylarda yangi qurilgan bino va inshootlar tanlandi.

Joylarda jismoniy harakati cheklangan saylovchilar imkoniyatini eʼtiborga olgan holda, binolarga nishab yoʻlaklari (pandus) barpo etildi. Shuningdek, viloyat boʻyicha 22 ta saylov uchastkalarida saylov jarayonlari onlayn kuzatilib borishga tayyorlandi.

Saylov uchastkalarida Markaziy saylov komissiyasining qarori asosida qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini oʻtkazishda koronavirus infeksiyasi (COVID-19)ni tarqalishi xavfini oldini olish toʻgʻrisida”gi yoʻriqnoma asosida ishlar tashkil etilgan. Komissiya aʼzolari, saylovchilar, kuzatuvchilar, ommaviy axborot vositalari vakillari himoya va profilaktika vositalaridan foydalanadi.

Maʼlumki, saylov kuni oʻz yashash joyida boʻlish imkoniyatiga ega boʻlmagan saylovchi muddatidan oldin ovoz berish huquqiga egadir. Muddatidan oldin ovoz berish saylovga oʻn kun qolganida, yaʼni bugun 2021-yil 14-oktyabrdan boshlandi va saylovga uch kun qolganida toʻxtatiladi. Saylovchi saylov kunida boʻla olmasligining sabablari (taʼtil, xizmat safari, xorijga chiqish va hokazo) koʻrsatilgan ariza asosida muddatidan oldin ovoz berish huquqidan foydalanadi.

Buning uchun Toshkent viloyatidagi saylov uchastkalarida barcha sharoitlar yaratildi, yetarli saylov byulletenlari bilan taʼminlangan. Xususan, birinchi kun natijalari boʻyicha 243 ta saylov uchastkasida jami 625 nafar saylovchi oʻzi tanlagan nomzodga muddatidan oldin ovoz berdi.

10-Toshkent viloyati okrug saylov komissiyasi matbuot xizmati.