Toshkent viloyatida avtomobillarga gaz quyish shoxobchalari nazoratga olindi

    Kunlar sovib, yogʻingarchiliklar boshlanishi bilan gaz taʼminotida sezilarli uzilishlar yuzaga kelayotgani sir emas. Bu masala hukumatimiz tomonidan koʻrib chiqilib, kamchiliklarni bartaraf etish chora-tadbirlari koʻrilmoqda. Maqsad aholini gaz bilan taʼminlashda uzilishlarga yoʻl qoʻymaslikka yoʻnaltirilgan.

    Kuz-qish mavsumida aholi va ijtimoiy soha obyektlarini tabiiy gaz bilan uzluksiz taʼminlash maqsadida Toshkent viloyatidagi 108 avtomobillarga gaz toʻldirish shoxobchasi soha mutaxassislari hamda Toshkent viloyati IIBB YHXB xodimlari tomonidan nazoratga olindi.

    Bu haqda Toshkent viloyati IIBB YHXB matbuot xizmati xabariga koʻra, gaz yonilgʻisi avtomobillarga reja asosida yetkazib berilmoqda. Shu bois, shoxobchalar oldida avtomobillar toʻplanib, navbatlar yuzaga kelmoqda. Koʻrilayotgan choralar natijasida avtomobillarga navbati bilan, tartibli ravishda gaz quyish ishlari tashkillashtirilmoqda. Shuningdek, mazkur hududlarda harakatlanish xavfsizligini taʼminlash choralari ham koʻrilmoqda.

    Jumladan, yoʻl-patrul xizmati inspektorlarining faoliyati gaz quyish shoxobchalari yaqinida tashkil etilmoqda. Inspektorlar navbatda turgan transport vositalarini tartibga olish bilan bir qatorda, ularning haydovchilari hamda shoxobcha ishchi-xizmatchilari bilan ham profilaktik suhbatlar tashkil etmoqda. Bunda haydovchilarga transport vositasini qish mavsumiga tayyorlash, yogʻingarchiliklar vaqtida xavfsiz harakatlanish asoslari tushuntirilmoqda.