Toshkent viloyatida bir erkak ikki kishini o'ldirib, yoqib yubordi

    Bunga ijaraga berilgan yer maydonlari uchun 40 mln so'm miqdorda haq talab qilingani sabab bo'lgan.

    Bosh prokuratura matbuot kotibining xabar berishicha, 23 mart kuni soat 14:30 larda "Nurli Diyor" MChJda agronom bo'lib ishlagan 1961 yilda tug'ilgan K.A. hamda jamiyat mutaxassisi 1984 yilda tug'ilgan S.G. Yangiyo'l tumanida yashovchi B.J.ning oldiga borib, unga ijaraga berilgan yer maydonlari uchun 40 mln so'm miqdorda haq talab qilgan.

    Shu vaqt o'rtalarida nizo kelib chiqqan. Natijada, B.J. pul bermaslik maqsadida ularni dala shiyponiga olib kirib, ikkalasini ham oshxona pichog'i bilan qasddan o'ldirgan. So'ng, u o'zining jinoyatini yashirish maqsadida murdalarni yoqib yuborgan hamda qolgan tana qismlarini ariq bo'yiga tashlab yuborgan.

    Mazkur holat yuzasidan JKning 97-moddasi 2-kismi "a", "j", "i" bandlari bilan jinoyat ishi qo'zg'atilgan. Gumonlanuvchi shaxs protsessual tartibda ushlangan.