Xususan, aniqlangan ma’lumotga ko‘ra, Qibray tumani “Madaniyat” MFYda yashovchi 31 yoshli fuqaro o‘zining mashinasida ketayotgan vaqtida to‘xtatilib tezkor xodimlar tomonidan ko‘zdan kechirilgan. Natijada mashina salonidagi sumka ichida jami, 134 ta “tropikomid” va 1.666 dona “regapren” kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari borligi aniqlandi. Ma’lum bo‘lishicha, ushbu shaxs taqiqlangan dori vositalarini sotish maqsadida saqlab kelgan.

Shundan so‘ng tezkor tadbir davom ettirilib, ushbu shaxsni dori vositalari bilan ta’minlayotgan ta’minotchi ham viloyat IIBB tezkor xodimlari tomonidan ushlandi.

Yunusobod tumani 11-mavzeda joylashgan MCHJga qarashli dorixonada ishlovchi 26 yoshli fuqaro M.Sh.ning xonadoni va dorixonasi xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirildi. Bu yerda taxminiy bahosi 25 mln 740 ming so‘mga teng bo‘lgan, 315 dona “regapen” 45 dona “zardeks”, 39 dona “midaks” va 4 dona “tropikamid” kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini sotish maqsadida saqlab kelayotganligi aniqlanib, hujjatlashtirilib olindi.

Bundan tashqari, Zangiota tumanida o‘tkazilgan navbatdagi tezkor tadbirda 1999-y.t. fuqaro A.S. (erkak) va 36 yoshli Sh.I. (ayol) ham qora bozordagi narxi 21 mln so‘m bo‘lgan jami 1 368 dona turli nom va ko‘rinishda kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini sotish maqsadida saqlab kelayotganligi aniqlanib, IIBB xodimlari tomonidan qo‘lga olindi.

Shu kabi Yangiyo‘l shahrida ham tashkil etilgan tezkor tadbir natijasida 32 yoshli fuqaro S.M. (Toshkent shahrida yashovchi)ning qo‘lida bo‘lgan sumka ichidan narxi 11 mln so‘mga teng bo‘lgan jami 1 296 dona turli nomdagi kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari borligi fosh etilib, shaxs prosessual tartibda ushlangan.

Hozirda qayd etilgan barcha holatlar yuzasidan tergov va surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.