Toshkent viloyati prokuraturasi organlari huzurida tuzilgan hududiy shtablar tomonidan qurilish ishlari sifati va hajmlarining haqqoniyligi oʻrganilib, 150 ta obyektda sifatsiz bajarilgan 10,6 mlrd soʻmlik ishlar va 106 ta obyektdagi 4,8 mlrd soʻmlik qoʻshib yozish holatlari aniqlangan.
Shuningdek, dastur ijrosi boʻyicha oʻtkazilgan nazorat tadbirlari davomida prokuratura organlari tomonidan 21,9 mlrd soʻmlik 19 ta jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, 14,4 mlrd. soʻm miqdorida zarar qoplangan.
Viloyatdagi har bir obyektning loyiha-smeta hujjati qayta oʻrganilishi natijasida 994 ta loyihadan 216,8 mlrd soʻmlik mablagʻ byudjetdan ortiqcha xarajat qilinishining oldi olingan.
Bundan tashqari, qurilish ishlari sust olib borilayotgan 35 ta obyektga 845 nafar mahalliy yoshlar jalb etilib, bandligi taʼminlangan.
Senatorlar amalga oshirilgan ishlar bilan bir qatorda viloyatda ijtimoiy soha va infratuzilmani rivojlantirish obyektlari qurilishida ayrim kamchiliklar saqlanib qolayotganiga eʼtibor qaratdilar.
Jumladan, dasturdagi 13 ta obyekt oʻtgan yilda foydalanishga topshirilishi lozim boʻlsa-da, oʻrganish kuniga qadar ishlar yakunlanmagan va foydalanishga topshirish dalolatnomalari toʻliq rasmiylashtirilmagan.
Bundan tashqari, dastur doirasida joriy yilda topshirilishi lozim boʻlgan 101 ta obyektda qurilish ishlari rejadan orqada qolgan boʻlsa, yangidan qurilishi rejalashtirilgan 21 ta obyektda qurilish ishlari boshlanmagan.
Shuningdek, joriy oʻquv yilida foydalanishga topshirilishi kerak boʻlgan 4 ta oʻrta taʼlim maktabida hamda 7 ta maktabgacha taʼlim tashkilotida qurilish ishlari yakunlanmagan.
Yuqorichirchiq, Boʻstonliq, Qibray, Yangiyoʻl tumanlarida 2 tadan, Chirchiq, Nurafshon shaharlari hamda Bekobod tumanida 1 tadan shunday obyektlar mavjud.
Bundan tashqari, muhokama davomida qurilish ishlarini sifatli va oʻz vaqtida bajarilishida pudratchilar masʼuliyatini yanada oshirish, qurilish ishlariga toʻsiq boʻlayotgan muammolarni mutasaddi tashkilotlar tomonidan oʻz vaqtida bartaraf etish, bu borada prokuratura organlarining nazorat faoliyatini kuchaytirish lozimligi taʼkidlandi.
Muhokama yakunida Toshkent viloyat hokimligi hamda viloyat prokuraturasi, shuningdek, Bosh prokuratura, masʼul vazirlik va idoralarga tegishli taklif va tavsiyalarni qamrab olgan Qoʻmita qarori qabul qilindi.