Toshkent viloyatida bolalar ommaviy zaharlanishi boʻyicha 7 kishi qoʻlga olindi

    Toshkent viloyatining bir qator bogʻchalarida bolalar zaharlanishi bilan bogʻliq holat yuzasidan 7 kishi qamoqqa olindi.

    2025-yil 24-sentyabr kuni Toshkent viloyatidagi ayrim maktabgacha taʼlim muassasalari tarbiyalanuvchilari bilan bogʻliq zaharlanish holati kuzatildi.

    Oʻrta Chirchiq tumani va Nurafshon shahri ijtimoiy-siyosiy nashri – “Mashʼal” gazetasining telegram kanalida maʼlum qilinishicha, мuassasalarni “GOVERNESS BUSINESS”, “KINDER GARDEN GROUP” MCHJlari oziq ovqat mahsuloti hamda “SHARK MILK PRODUCT” MCHJ sut mahsuloti bilan taʼminlashi aniqlandi.

    Ushbu MCHJlar Toshkent, Oʻrtachirchiq, Qibray, Yangiyoʻl, Boʻstonliq va Zangiota tumanlari, Chirchiq, Nurafshon va Yangiyoʻl shaharlaridagi maktabgacha taʼlim muassasalariga ham autsorsing xizmatini koʻrsatib kelgan.

    2025-yil 25-sentyabrda Toshkent viloyati IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan 5 ta MCHJ mansabdor shaxslariga nisbatan sanitariyaga oid qonunchiligini buzish holati yuzasidan Jinoyat kodeksining 257-1-moddasi 1-qismi (sanitariyaga oid qonunchilikni yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergovga kirishildi. MCHJlarning moliyaviy-xoʻjalik faoliyati yuzasidan hujjatli taftish tayinlandi.

    Jinoyat ishi boʻyicha “GOVERNESS BUSINESS” MCHJ rahbari, “Kinder Garden Group” MCHJ direktori, “Innovation Outsourcing Service” MCHJ rahbari va taʼsischisi, “Nishon invest” MCHJ direktori, “SHARK MILK PRODUCT” MCHJ direktori, taʼsischisi va sotuv boʻlimi menejerlari jami 7 nafar shaxslar protsessual tartibda ushlandi.

    Hozirda dastlabki tergov harakatlari Toshkent viloyati IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan davom ettirilmoqda.