Toshkent viloyatida bu yil 800 million kub metr suvni tejash kutilmoqda

    Mutahassislarning ta'kidlashicha, qishloq xo'jaligi ekinlari hosildorligining pasayishi, ba'zi hollarda esa boy berilishi suv taqchilligi bilan bog'liq.

    Prezidentimizning 2020-yil 11-dekabrdagi “Qishloq xo'jaligida suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishni yanada jadal tashkil etish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori ijrosini ta'minlash maqsadida joriy yilda Toshkent viloyatida 22 ming 400 gektar maydonda suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish rejalashtirilgan. Bu haqida viloyat hokimligining rasmiy saytida xabar berildi.

    Jumladan, 13 ming gektar maydonda tomchilatib sug'orish, 5 ming gektarda yomg'irlatib sug'orish, 4 ming 400 gektar maydonda egiluvchan quvurlar bilan sug'orish texnologiyasini joriy qilish belgilangan.

    Viloyatda suvdan samarali foydalanish va suv resurslarini tejab ishlatish maqsadida belgilangan normaga nisbatan 800 million kub metr suvni iqtisod qilish kutilmoqda.

    Birgina misol, 2020-yilda “Bo’stonliq Kartoshkachilik Markazi” MCHJ tomonidan g'alla, piyoz, karam, sabzi, kartoshka va dukkakli ekin etishtirish uchun 655,6 gektar maydonda yomg'irlatib (sprinkler) sug'orish texnologiyasi joriy qilindi. Bu kabi sa'y-harakatlar joylarda tizimli ravishda olib borilyapti.