Aniqlanishicha, 1997-yilda tugʻilgan ayol oʻlimidan 10 kun oldin doimiy janjallar tufayli ayol ota uyiga qaytib kelgan. 8-fevral kuni tunda 1992-yilda tugʻilgan eri ayolning ota-onasinikiga kelib, uni mashinasiga oʻtqazib, olib ketgan.

Shundan soʻng ayolning jasadi Olmaliq shahri hududidan topilgan. Uni oʻldirishda gumonlangan erkak qoʻlga olingan.

“Uni dardi faqat pul boʻlgan. Dorisi uchun pul kerak boʻlgan. Qaynonasi ham doim gijgijlab urdirardi. Qizim ularga pul topib kelishi kerak edi. Ularning boquvchisi edi. Himoya orderi berilganiga qaramasdan uyga bostirib keldi. Unga eng oliy, ogʻir jazo berilishini xohlayman. U uyga kelib, qizimni qasddan oʻldirdi, bolalarni yetim qoldirdi”, — dedi marhumaning onasi.

“Qudam oldiga, er-xotin urishadi, deb borsak, oʻldirib qoʻymayapti-ku, deb javob berardi”, — deydi ayolning onasi.

Bosh prokuraturaning xabar qilishicha, holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi (Qasddan odam oʻldirish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Gumonlanuvchi protsessual tartibda ushlangan, tergov boshlangan.