Toshkent viloyatida Finlyandiya tajribasi asosida turizm klasteri tashkil qilinmoqda

    Ayni damda mamlakatimizda mehmon boʻlib turgan UNWTO Bosh kotibi Zurab Pololikashvili Toshkent viloyatida ham boʻlib, turizm sohasi vakillari, tadbirkorlar hamda investorlar bilan “Oʻzbekistonda turizmni rivojlantirish boʻyicha yangi tashabbuslar” mavzusida muhokama yigʻilishini oʻtkazdi.

    Unda Boʻstonliq tumanida “Beldersoy-Chimyon-Nanay” xalqaro dam olish kurortini tashkil etish doirasida “Chimyon turistik zonasini qurish” loyihasi taqdimoti namoyish etildi.

    Toshkent viloyati Parkent tumanining turistik salohiyatini rivojlantirishga qaratilgan bir qator loyihalar koʻrib chiqildi. Shuningdek, viloyat hokimi oʻrinbosari Jamshid Babajanov tomonidan “Green Hils” loyihasi taqdimoti alohida muhokama qilindi.

    Unga koʻra, Finlyandiya tajribasi asosida bunyod etilgan dam olish maskanini yanada rivojlantirish maqsadida mazkur hududda qishloq xoʻjaligi, eko va sport turizmi klasterini tashkil qilish yuzasidan umumiy qiymati 45 million dollar miqdoridagi mablagʻlar yoʻnaltirilishi koʻrib chiqildi.