Toshkent viloyatida gaz oʻgʻirlanishi holatlari aniqlandi

    Energetika 24 Sentabr 2020 979

    “Hududgaz Toshkent” gaz taʼminoti filiali “Oʻzneftgazinspeksiya” Toshkent viloyati boshqarmasi bilan birgalikda Toshkent viloyatida gaz taʼminoti tizimiga noqonuniy ulanishlarni aniqlash boʻyicha reyd oʻtkazdi.

    Tekshiruv davomida Yuqorichirchiq tumani “Iyk ota” mahalla fuqarolar yigʻinida joylashgan “Tosh Izol” MCHJ belgilangan qoidalarni chetlab oʻtib, tabiiy gazdan noqonuniy foydalanib, ohak ishlab chiqarayotgani aniqlandi. Korxona hududidagi 30 tonnalik toʻrtta xumdonda esa, 60 ta qoʻlbola (nostandart) gorelkalar oʻrnatilgan. Mazkur MCHJ va “Hududgaz Toshkent” gaz taʼminoti boʻlimi oʻrtasida imzolangan shartnomaga koʻra, 2 ta bitumni eritish qozoni va va toʻrt komforkali pechdan foydalanish uchun MCHJning tabiiy gaz isteʼmoli koʻzda tutilgan edi.

    Oʻrganish natijalariga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 12-yanvardagi 22-sonli qarorining 11-bob, 125-bandiga muvofiq, qayta hisob-kitob amalga oshirildi. Maʼlumotlarga koʻra, gaz taʼminoti korxonalariga yetkazilgan zarar miqdori 821 664 000 soʻmni tashkil etdi.

    Reyd davomida yana bir shunga oʻxshash holat aniqlandi. Toshkent viloyatining Zangiota tumani, “Bogʻishamol” MFY, Yangiobod koʻchasi 16-uyda yashovchi fuqaro B.Innatovning xonadoni hovlisida qayta tekshiruv oʻtkazildi. Joriy tekshiruv mazkur xonadonda toʻrtinchi marta oʻtkazilmoqda, qonunbuzarligidan tavba qilmagan bu fuqaro tabiiy gaz tarmoqlariga oʻzboshimchalik bilan ulanib noqonuniy tarzda ohak pechlarini ishlatib kelgan.

    Taʼkidlash joizki, ushbu manzilda birinchi tekshiruv 2020-yil 18-yanvarda oʻtkazilgan boʻlib, tekshiruv davomida uy egasiga gaz taʼminoti tizimiga noqonuniy ulanganligi uchun 214 182 000 million soʻm miqdorida zarar hisoblangan. Ikkinchi tekshirish 2020-yil 6-mart sanasida oʻtkazilgan, natijada yetkazilgan zarar 9,3 million soʻmdan oshgan. Fuqaro B.Innatov uchinchi marta ham tegishli ruhsatlarsiz gaz taʼminoti tizimiga ulanib olgan. 2020-yil 20-mart kuni oʻtkazilgan navbatdagi reyd natijasida, fuqaro B.Innatovning noqonuniy xatti-harakatlari ortidan gaz yetkazib beruvchi tashkilotlarga jami 2,1 million soʻmdan ziyod zarar yetkazgani aniqlangan.

    Bir necha marotaba gaz tarmogʻidan uzib tashlanishi va jarima toʻlovlariga qaramay, fuqaro B.Innatov toʻrtinchi marotaba ham ohak pechini tabiiy gaz taʼminoti tarmogʻiga noqonuniy ravishda ulab oldi. Buning natijasida, gaz taʼminoti tashkilotlariga yetkazilgan zarar, hisob-kitoblarga koʻra, 58 406 000 soʻmni tashkil etmoqda.

    Qayd etilgan qonunbuzarliklar boʻyicha barcha materiallar huquqni muhofaza qilish idoralariga taqdim etildi. Respublikamizning barcha hududlarida shu va shu kabi tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holatlarni aniqlash boʻyicha tekshiruvlar davom etmoqda.

    “Hududgaztaʼminot” AJ matbuot xizmati