Ayni paytda ushbu maydonlarga chigit ekish ishlari jadal olib borilmoqda. Buning uchun 184 ta chigit ekish otryadi tashkil etilib, ularga 1 ming 704 ta texnika biriktirilgani ishga unum bagʻishlayapti. 

Viloyat hokimining Qishloq va suv xoʻjaligi masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari Xolmirza Niyozovning aytishicha, moʻl hosil yetishtirishning asosiy omillaridan biri toʻgʻri nav tanlab, chigitni oʻz vaqtida ekishdir. Shuning uchun bu yil asosiy maydonlarda gʻoʻzaning yillar davomida sinovdan oʻtgan “Sulton”, “Porloq”, “S-6524”, “Namangan-77” navlari joylashtirilmoqda. 

Bulardan tashqari, joriy mavsumda Boʻka, Piskent, Oqqoʻrgʻon, Yuqori Chirchiq, Oʻrta Chirchiq, Quyi Chirchiq va Chinoz tumanlarida ilk bor ertapishar, hosildor va tola chiqishi yuqori boʻlgan “S-8290” gʻoʻza navi tajriba tariqasida ekilmoqda.