Unga koʻra, viloyatdagi umumtaʼlim maktablari professional va oliy taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan iqtidorli hamda ijodkor yoshlarni moddiy va maʼnaviy qoʻllab-quvvatlash, munosib taqdirlash maqsadida “Hokim stipendiyasi”ning Nizomi ishlab chiqildi.
Tanlov bir yilda bir marotaba oʻtkazilib, gʻoliblar 3 toifada (umumtaʼlim maktablari, professional va oliy taʼlim muassasalari) yoshlari orasidan 3 ta oʻrinda aniqlanadi. Xususan, 1-oʻrin uchun eng kam oylik ish haqining 3 barobari, 2-oʻrin uchun eng kam oylik ish haqining 2 barobari, 3-oʻrin uchun eng kam oylik ish haqining 1 barobari miqdoridagi stipendiya 1 yil davomida toʻlab beriladi.
Bundan tashqari, sessiyada Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 1-maydagi “Hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni reyting baholash tizimini joriy etish toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi, viloyatning 16 ta shahar va tumanlarida kommunal sohani yaxshilash, obodonlashtirish, koʻp qavatli uylarning tomlarini taʼmirlash va bunyodkorlik ishlarini amalga oshirish chora-tadbirlari kabi koʻplab masalalar ham koʻrib chiqildi.