Maʼlum qilishicha, Bekobod shahar Jinoyat ishlari boʻyicha sudiga JKning 104-moddasi 2-qismi “ye,k,l” bandlari bilan ayblanuvchi 33 yoshli fuqaro X.Yu.ga nisbatan tergov harakatlari olib borilib, toʻplangan hujjatlar mazmunan koʻrib chiqishlik uchun yuborilgan.
Joriy yilning 19-iyun kuni Bekobod shahar sudi tomonidan mazkur jinoyat ishini koʻrish jarayonida, ayblanuvchi X.Yu.ning akalari 1981-y.t. D.Yu. va 1978-y.t. D.Yu.lar ukasiga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangandan norozi boʻlib, sud zalida janjal koʻtarishgani oqibatida jamoat tartibi buzilishi yuzaga kelgan.
Mazkur holatda jamoat tartibini tiklash va fuqarolar xavfsizligini taʼminlash maqsadida sud zaliga hududiy ichki ishlar boʻlimi xodimlari chaqirtirilgan.
Chaqiruvga asosan yetib kelgan uch nafar IIB profilaktika inspektorlari tomonidan janjal bartaraf qilinib, huquqbuzarlik holati yuzasidan hujjatlarni rasmiylashtirish maqsadida voqea ishtirokchilari shahar IIB binosiga olib borilgan.
IIB binosiga kirish yoʻlagida, fuqarolardan biri 1981-y.t. D.Yu. sogʻligi yomonlashib hushini yoʻqotgan.
Xodimlar fuqaroni xizmat avtomashinasida shahar shifoxonasiga olib borganlar. Tibbiyot birlashmasi xodimlari tomonidan koʻrikdan oʻtkazilgan vaqtida D.Yu. vafot etganligi aniqlangan.
Hozirda fuqaroning oʻlimi sabablariga aniqlik kiritish maqsadida sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan. Holat prokuratura organlari tomonidan nazoratga olinib, surushtiruv ishlari olib borilmoqda. STE xulosasiga koʻra qoʻshimcha axborot beriladi.