Xususan, Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 14-apreldagi qarori asosida, Adliya vazirligi tomonidan hokim qarorlarini ishlab chiqish, kelishish va roʻyxatdan oʻtkazishning yagona elektron “E-qaror” tizimi tatbiq etildi. Mazkur tizim joriy yil boshida Qashqadaryo viloyatida eksperiment tariqasida sinovdan oʻtkazilmoqda. Eksperiment doirasida aniqlangan kamchilik va muammolar bartaraf etilib, ushbu amaliyot 2021-yil 1-iyuldan respublikadagi barcha hokimliklar faoliyatiga joriy etilishi nazarda tutilgan.
Shu maqsadda, Adliya vazirligi Ishchi guruhi tomonidan viloyatda masʼul tashkilot xodimlari uchun Zoom dasturi orqali onlayn tarzda seminar-treninglar tashkil etildi. Shuningdek, Toshkent viloyatida mavjud imkoniyatlardan kelib chiqib, muddatidan oldin viloyat hokimligi va viloyat darajasidagi 44 ta tashkilotlar tomonidan belgilangan hujjatlar tayyorlanib, E-qaror tizimini joriy etildi.
– Yangi elektron tizimning ustunlik tomonlari koʻp, – deydi Adliya vazirligi boshqarma boshligʻi oʻrinbosari Sardorbek Azizov. – Chiqarilayotgan qarorlarni toʻgʻridan-toʻgʻri “E-qaror” elektron tizimi orqali keng jamoatchilik bemalol kuzatishi mumkin. Shuningdek, qonuniylik va qonun ustuvorligi taʼminlanadi. Hokimlar faoliyatida shaffoflik kuchaytiriladi. Sohaga axborot-kommunikatsiya texnologiyalari joriy etilib, fuqarolarning jamoatchilik nazoratidagi oʻrni va roli oshadi.
Bu yoʻnalishdagi tashkiliy ishlar viloyat rahbari D.Hidoyatov tashabbusi bilan muddatidan oldin amalga oshirilganligi bois, bugun ilk bor 4ta qaror elektron tarzda imzolandi.
Mazkur tizimning uzviy davomi sifatida viloyatning barcha tuman-shahar hokimliklarida joriy etilishi koʻzda tutilgan boʻlib, hozirda saʼy-harakatlar boshlab yuborilgan.