Toshkent viloyatida maxsus yuk avtomobil yonib ketdi

    “Toza hudud DUK”ga qarashli Isuzu maxsus yuk avtomobilining dvigatel qismida qisqa tutashuv tufayli yongʻin kelib chiqqan.

    Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumanida yuk avtomobilida yongʻin kelib chiqdi, deya xabar qildi viloyat YHXB.

    Hodisa 12-may kuni soat tahminan 09:30 larda tuman hududidan oʻtgan D-014 “Gʻazalkent shahri — Chirchiq shahri — Yangibozor qishlogʻi — Jumabozor qishlogʻi — Oʻrtasaroy qishlogʻi — Nurafshon shahri” avtomobil yoʻlining 46-kilometrida sodir boʻlgan.

    Unda haydovchi 1973-yilda tugʻilgan K.Sh boshqaruvidagi “Toza hudud DUK”ga qarashli Isuzu maxsus yuk avtomobilining dvigatel qismida qisqa tutashuv tufayli yongʻin kelib chiqqan.

    Oʻt oʻchiruvchilar tomonidan yongʻin toʻliq oʻchirilgan. Yongʻin oqibatida harakat ishtirokchilari sogʻligʻiga ziyon yetmagan.

    Hozirda xolat yuzasidan Yuqori Chirchiq tumani FVB tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.