Toshkent viloyatida OIV infeksiyasini qasddan yuqtirgan 5 nafar ayol va 1 nafar erkak ushlandi

    Xavfsizlik 28 Iyul 2023 1308

    Bu haqda Toshkent viloyati IIBB Axborot xizmati maʼlum qildi.

    Taʼkidlanishicha, shu yilning oʻtgan 6 oyi davomida OIV infeksiyasi bilan kasallangan shaxslar infeksiyani qasddan oʻzga shaxsga yuqtirish bilan bogʻliq 20 ta jinoiy holat aniqlanib, kasallikni yanada tarqalishining oldi olindi.

    Misol uchun, Yuqori Chirchiq tumanida yashovchi 35 yoshli ikki ayol OIV kasalligi bilan roʻyxatda turib, qonuniy ogohlantirilgan boʻlishiga qaramay joriy yil iyun oyida 35 va 53 yoshli shaxs bilan jinsiy aloqada boʻlganligi va bu orqali ushbu shaxslar va boshqalarning hayotini xavf ostida qoldirganligi aniqlangan. Shaxslar protsessual ushlangan.

    Shu kabi Angren shahrida yashovchi 24-43 yosh orqasidagi uch nafar ayol va bir nafar erkak ham OIV kasalligi bilan roʻyxatda turib, qonuniy ogohlantirilgan boʻlishiga qaramay oʻzga shaxs bilan jinsiy aloqada boʻlganligi aniqlangan va tegishli tartibda ushlangan.

    Aniqlangan barcha holat yuzasidan ushlangan shaxslarga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi JKning 113-moddasi (tanosil yoki OIV kasalligi/OITSni tarqatish) 4-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakati olib borilmoqda.